Farg‘onada bir qator hududlarga yangi hokimlar tayinlandi
Farg‘ona viloyatining Beshariq, O‘zbekiston tumani va Marg‘ilon shahrida rahbarlar almashdi.

Farg‘ona viloyatida mahalliy boshqaruv tizimida navbatdagi kadrlar o‘zgarishi amalga oshirildi. Bir qator tuman va shaharlarga yangi hokimlar tayinlanib, avvalgi rahbarlar lavozimidan ozod etildi.
Xususan, Novikov Ilyos Valeriyevich Beshariq tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Ushbu lavozimda shu vaqtga qadar faoliyat yuritib kelgan Rasuljon Jo‘rayev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan vazifasidan ozod etildi.
Rasuljon Jo‘rayev esa O‘zbekiston tumani hokimi etib tayinlandi. U O‘zbekiston tumaniga 2025 yil martidan buyon rahbarlik qilib kelgan Ravshanbek Begmatov o‘rnini egalladi.
Shuningdek, Rustamov Elbek Rustamovich Marg‘ilon shahri hokimi lavozimiga tayinlandi. Ungacha ushbu vazifada ishlab kelgan Nisbatxonov Shukurulloxon Xolmatxonovich ham lavozimidan ozod etildi.





