Logo

OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun 200 mln dollar qarz bermoqchi

Bugun 13:102 daqiqa

Bu pulga 60 ta podstansiya yangilanishi, elektr energiyasi yo‘qotishlari kamaytirilishi va kamida 3,3 GW qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini tarmoqqa ulash imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun 200 mln dollar qarz bermoqchi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar qarz ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Qarz bitimi 15-oktabr kuni Tailandning Bangkok shahrida OTB prezidenti Masato Kanda va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tomonidan imzolandi.

Dastur doirasida mamlakat bo‘ylab muhim ahamiyatga ega 60 ta elektr taqsimlash podstansiyasi rekonstruksiya qilinadi va modernizatsiyadan o‘tkaziladi. Shuningdek, tarmoqlarni boshqarish samaradorligini oshirish uchun raqamli tizimlar joriy etiladi.

OTB prezidenti Masato Kanda ishonchli elektr ta’minoti zamonaviy iqtisodiyotning asosiy shartlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, mustahkamlangan infratuzilma aholi, korxonalar va davlat muassasalarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga yordam beradi.

3,3 GW yangi quvvat uchun imkoniyat

OTB ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish, shaharlarning kengayishi va aholi ehtiyojlarining ortishi elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani ko‘paytirmoqda. Eskirgan infratuzilma, elektr energiyasi yo‘qotishlari va uskunalarning ortiqcha yuklanishi ta’minot ishonchliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Dastur natijasida elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, transformatorlarga tushadigan yuklamani pasaytirish va ta’minot barqarorligini oshirish kutilmoqda. Shu bilan birga, kamida 3,3 GW quvvatga ega qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tarmoqqa ulash imkoniyati yaratiladi.

Loyiha doirasida issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga qariyb 23 ming tonna karbonat angidrid ekvivalentiga kamaytirish rejalashtirilgan. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning texnik va boshqaruv salohiyatini oshirish, xodimlar malakasini rivojlantirish hamda energetika sohasida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish ham dastur vazifalariga kiradi.

Jahon bankidan yana 100 mln dollar

OTB ma’lum qilishicha, mazkur dastur bankning Jahon banki bilan o‘zaro to‘liq ishonch mexanizmi doirasida amalga oshiriladigan energetika sohasidagi birinchi loyihasidir. Shuningdek, u O‘zbekiston energetika sohasida natijalarga asoslangan qarz mexanizmi asosida amalga oshiriladigan ilk dastur hisoblanadi.

OTB loyihaning yetakchi kreditori hisoblanadi. Jahon banki esa qo‘shimcha 100 mln dollar moliyalashtirish ajratish bo‘yicha taklifni direktorlar kengashi tasdig‘iga kiritishni rejalashtirgan.

OTB 2010-yildan buyon O‘zbekiston energetika sohasiga 3,4 mlrd dollardan ortiq moliyalashtirish va kafolatlar taqdim etgan. Yangi dastur «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi, qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish va energetika samaradorligini oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OTB O‘zbekistonda yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish uchun 50 ming dollar ajratmoqchiligi haqida ma’lumot berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid