Qurilish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Toshkentda issiqlik ta’minoti uzluksizligini ta’minlash uchun yoqilg‘i, generator va boshqa zaxiralar tayyorlanganini ma’lum qildi.
Toshkentda issiqlik ta’minoti uzluksizligini ta’minlash uchun zarur zaxiralar tayyorlangan, issiqlik tarmoqlari va qozonxonalar esa kuz-qish mavsumiga 100 foiz tayyor. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva 27-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Jurnalistning issiqlik ta’minoti uzluksiz berilishiga kafolat bera olishi haqidagi savoliga javoban Jo‘rayeva joriy yilda davlat budjetidan issiqlik ta’minoti sohasiga qariyb 1 trln so‘m yo‘naltirilganini bildirdi.
«Vazir o‘rinbosari sifatida men har bir yo‘naltirilgan so‘mning maqsadli va samarali ishlatilishiga albatta kafolat beraman», — dedi u.
Uning aytishicha, bugungi kunda issiqlik ta’minoti bilan qamrab olish darajasi 37–38 foizni tashkil etadi. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 58 foizga yetkazish, modernizatsiya loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish rejalashtirilgan.
Favqulodda vaziyatlar uchun zaxiralar va tayyorgarlik
Vazir o‘rinbosari kommunal sohalar bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini, bir tarmoqdagi uzilish boshqasiga bevosita ta’sir qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qozonxonalarning barqaror ishlashi gaz bosimi, elektr energiyasi va suv ta’minotiga bog‘liq.
Gaz bosimi pasaygan holatlarda foydalanish uchun qo‘shimcha gorelkalarga dizel yoqilg‘isi zaxiralangan. Elektr ta’minotida uzilishlar yuz berganda esa generatorlar ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Ozoda Jo‘rayeva avariya holatlari tezkorlik bilan bartaraf qilingunga qadar ushbu zaxiralar ishlashi ta’minlanganini qayd etdi.
«O‘z tomonimizdan tayyorgarlik to‘liq [bajarilgan]. Issiqlik tarmoqlari, qozonxonalar kuz-qishga 100 foiz tayyor deb ayta olaman. Favqulodda vaziyatlarni inobatga olgan holda barcha zaxira materiallarimiz, 24/7 dispetcherlik xizmatlarimiz ham shay holatda», — dedi u.
Qurilish vaziri o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, kommunal soha xodimlari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalarni tezkor bartaraf etish uchun kecha-yu kunduz ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrimlarga isitish mavsumida 1 mln so‘mlik moddiy yordam berilishi haqida xabar berilgandi.