Hozirga qadar shaharda 2 mlrd dollarlik qurilish ishlari bajarilib, 1 mlrd dollarlik 7 ta obyekt foydalanishga topshirilgan.
Ayni paytda Yangi Toshkentda umumiy qiymati 7,18 milliard dollarlik 20 ta yirik loyiha bo‘yicha investorlar bilan ish olib borilmoqda. Bu haqda OAV uchun kontent tayyorlash markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur 20 ta loyiha 339 gektar hududni qamrab oladi, ularning umumiy qurilish maydoni esa 5,8 million kvadrat metrni tashkil etadi. Yangi shaharning birinchi bosqichi uchun ajratilgan 6 ming gektar hududda jami 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Hozirga qadar Yangi Toshkentda 2 milliard dollarlik qurilish ishlari bajarilgan. Xususan, umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan 7 ta obyekt foydalanishga topshirilgan va 18 kilometr avtomobil yo‘li qurilgan.
Yangi Toshkent va hududlarda yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda qurilish jarayonlarini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan anjumanda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi hamda Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentning 2026 yil 10-noyabrdagi PF–243-son farmonida belgilangan vazifalar haqida ma’lumot berildi. Farmonga muvofiq, 50 million dollardan boshlanadigan yirik loyihalar uchun quyidagi sharoit va imtiyozlar joriy etilmoqda:
• maxsus huquqiy rejim va qurilishga tayyor yer uchastkalari;
• ayrim soliq va bojxona imtiyozlari;
• qurilish davrida investorlar o‘z ehtiyoji uchun olib kiradigan texnika, uskuna va materiallarni bojxona bojlaridan ozod etish;
• loyihalash, xarid va qurilish jarayonlarini bir vaqtda amalga oshirish imkoniyati.