Estoniya 2026 yil 1-dekabrdan boshlab Rossiya bilan chegaradagi avtomobil o‘tish punktlarini vaqtincha yopadi. Cheklov nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi yo‘lovchi tashuvlariga, balki yuk mashinalari harakatiga ham taalluqli. Bu qaror Rossiya orqali Estoniyaga yoki uning hududi orqali boshqa mamlakatlarga tovar yetkazib beradigan xalqaro tashuvchilar, jumladan, O‘zbekiston kompaniyalari faoliyatiga ham daxl qilishi mumkin.
Estoniya hukumatining rasmiy tushuntirishida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Ozarboyjon va Gruziya tashuvchilari alohida qayd etilgan.
Qaysi chegara punktlari yopiladi?
Estoniya hukumati 2026 yil 20-noyabrda Rossiya bilan chegaradagi avtomobil o‘tish punktlarida harakatni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 1-dekabrdan kuchga kiradigan cheklov beshta o‘tish punktini qamrab oladi:
«Narva-1»;
«Narva-2»;
«Koidula»;
«Luhamaa»;
«Saatse».
Qarorga ko‘ra, ushbu punktlar orqali piyodalar va transport vositalarining chegarani kesib o‘tishi to‘xtatiladi. Kirish yo‘llari maxsus to‘siqlar bilan yopilib, hudud xavfsizligini Estoniya politsiyasi va Chegara qo‘riqlash xizmati nazorat qiladi.
Cheklov tartibi kamida olti oydan so‘ng qayta ko‘rib chiqiladi. Hukumat xavfsizlik holatidan kelib chiqib, choralarni o‘zgartirish yoki uzaytirish masalasini hal qiladi.
Rasmiy bayonotda bu qadam milliy xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash maqsadida qo‘yilgani aytilgan. Hukumat bunga sabab sifatida Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan dushmanona harakatlar, xususan, mudofaa sanoati korxonalariga qilingan hujumlar va razvedka faoliyati bilan bog‘liq xatarlarni keltirgan.
Estoniya chegarani nega yopmoqda?
Tallin bu qarorni Rossiyadan kelayotgan xavfsizlik tahdidlari bilan izohlamoqda. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil davomida mamlakatdagi mudofaa sanoati korxonalariga ikki bor hujum uyushtirilgan. Estoniya Ichki xavfsizlik xizmati bu hodisalar ortida Rossiya razvedkasi turganini bildirgan.
Bosh vazir Kristen Mixalning ta’kidlashicha, Rossiyaning dushmanona harakatlari javobsiz qolmasligi shart. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegarani yopish Rossiya maxsus xizmatlarining odamlarni yollash va ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarini cheklash, sanksiyalarni chetlab o‘tish hamda boshqa noqonuniy transchegaraviy faoliyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Estoniya Tashqi ishlar vazirligi bu chora barcha xavflarni butunlay bartaraf etmasa-da, ularni sezilarli darajada kamaytirishga yordam berishini qayd etgan.
Rossiya esa Tallinning ayblovlarini rad etdi. «Reuters» agentligi xabariga ko‘ra, Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Estoniya qarorini «yangi temir parda» o‘rnatishga urinish deb baholab, Moskva bunga siyosiy va diplomatik choralar bilan javob qaytarishini bildirgan.
Bu o‘zbekistonlik yuk tashuvchilarga qanday ta’sir qiladi?
Estoniya hukumati qaror yuzasidan e’lon qilgan rasmiy savol-javoblarda O‘zbekiston nomi alohida tilga olingan. Unda Rossiya orqali o‘tadigan yo‘nalishlardan foydalanadigan olti davlat — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Ozarboyjon va Gruziya tashuvchilari cheklov ta’siriga tushishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Estoniya tomonining baholashicha, ushbu olti davlatdan keladigan yiliga taxminan 2 mingta yuk qatnovi cheklov ta’siriga tushishi mumkin. Bu qatnovlarning qariyb 80 foizi Estoniya orqali boshqa davlatlarga amalga oshiriladigan tranzit tashuvlari hisoblanadi.
Tallin tashuvchilar va yuk egalariga muqobil yo‘nalishlar yoki boshqa logistika yechimlarini izlashni tavsiya qilgan.
Latviya muqobil yo‘nalish bo‘la oladimi?
Chegara yopilishi tashuvchilarni boshqa ochiq o‘tish punktlari yoki yangi logistika yechimlarini izlashga majbur qiladi. Bu borada Latviya yo‘nalishi ham tilga olinmoqda. «Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, Latviya va Litva Rossiya bilan ayrim chegara punktlarini hamon ochiq saqlab turibdi.
«ERAA» bosh kotibi Ermo Perolainenning aytishicha, «Luhamaa» va «Koidula» punktlaridan kuniga o‘tadigan yuk mashinalari soni o‘ntaga ham yetmagan, tashuvchilarning bir qismi esa allaqachon Latviya chegarasi orqali qatnashni boshlagan.
Temiryo‘l orqali yuk tashish to‘xtamaydi
Qarorning muhim jihati shundaki, cheklov faqat avtomobil o‘tish punktlariga tegishli — Rossiya bilan temiryo‘l orqali yuk tashish davom etadi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Narvadagi temiryo‘l chegara punkti yuk poyezdlari uchun ochiq qoladi, biroq tovarlar amaldagi sanksiyalar va bojxona nazorati asosida qat’iy tekshiriladi.
«Koidula» temiryo‘l punktidagi yuk harakati esa Estoniyaning ushbu qarori sababli emas, balki Rossiya tomonining bir tomonlama qarori bilan ancha avval to‘xtatilgan.