Logo

Uch hududda 6 mlrd so‘mlik energiya o‘g‘irlandi

Bugun 15:152 daqiqa

Qoidabuzarliklar talabalar yotoqxonasi, ikki novvoyxona va avtomobillarni quvvatlash stansiyasida aniqlangan.

Uch hududda 6 mlrd so‘mlik energiya o‘g‘irlandi © O‘ZENERGOINSPEKSIYA

Samarqand, Namangan va Farg‘ona viloyatidagi bir nechta tadbirkorlik obyektlarida elektr va gaz tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish holatlari qayd etildi.

Namangan shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘tkazgan nazorat tadbirida fuqaro G.A ga tegishli, talabalar turar joyi sifatida foydalanilayotgan binoda elektr hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulanish holati aniqlangan. Oqibatda elektr ta’minoti korxonasiga 3 mlrd 576 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Samarqand shahrining Panjob mahallasida joylashgan fuqaro S.A.ga tegishli novvoyxonada esa tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Tekshiruv davomida novvoyxonaga yer osti orqali rezina shlang yordamida yashirincha gaz quvuri ulangani aniqlangan. Qayta hisob-kitob natijasida gaz ta’minoti korxonasiga yetkazilgan zarar 520 mln 344 ming so‘mni tashkil etgan.

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanidagi Afg‘on mahallasida joylashgan novvoyxonada ham tabiiy gazdan tijorat maqsadida noqonuniy foydalanilgan. Ma’lum bo‘lishicha, obyektdan Furqat tumanida yashovchi T. U. foydalanib kelgan. Yetkazilgan zarar 765 mln 604 ming so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, Uchko‘prik tumanidagi «V. T. N.» MCHJga qarashli avtomobillarni quvvatlash stansiyasi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari ulangani ma’lum bo‘lgan. Elektr ta’minoti korxonasiga 1 mlrd 197 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Shu tariqa, to‘rtta obyektdagi qoidabuzarliklar oqibatida elektr va gaz ta’minoti korxonalariga jami 6 mlrd 58 mln 948 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Yuqoridagi barcha holatlarga oid hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda ham tadbirkor tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, 262 mln so‘mlik zarar yetkazgandi.

Teglar

Mavzuga oid