Tashanovga ko‘ra, Harbiy sud DXX raisining sobiq o‘rinbosari G‘ayratullo Yoziyevni 15 yilga, u bilan birga sudlangan xizmatning yana olti nafar polkovnigini esa 15 yildan 17 yilgacha ozodlikdan mahrum qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisining sobiq o‘rinbosari, general-leytenant G‘ayratullo Yoziyev 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda huquq faoli, «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Tashanovga ko‘ra, 2024 yilning dekabridan 2026 yilning martiga qadar Xizmatning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasiga rahbarlik qilgan G‘ayratullo Yoziyev Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) hamda hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi bilan aybli deb topilgan.
Huquqbonning yozishicha, G‘ayratullo Yoziyev boshchiligidagi jinoiy guruh ishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan tergov qilingan. Sudlanuvchilar shu yilning bahorida hibsga olingan.
Tashanovga ko‘ra, mazkur ish doirasida DXXning yana bir qator sobiq mansabdor shaxslari: xususan, DXX raisining sobiq o‘rinbosari, polkovnik Alijon Ashurov tovlamachilik, sud ishlariga aralashish va pora olish ayblovi bilan 17 yilga, DXX boshqarma boshlig‘i, polkovnik Muzaffar Nurboyev esa hujjatlarni qalbakilashtirish, qiynoqqa solish, sud ishlariga aralashish va talon-tarojlik ayblovi bilan 17 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Shuningdek, polkovnik Temur Shorisqiyev va polkovnik Gonchar Uzoqov tovlamachilik, sud ishlariga aralashish va pora olish aybi bilan 16,5 yilga, polkovnik Suhrob Sayfitdinov 16 yilga, polkovnik O. Abdullayev esa 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoiy guruh a’zolari Valiyev, O‘roqov, Boysariyev va Shokirovlarga nisbatan ozodlikni cheklash, jarima va axloq tuzatish ishlari jazolari tayinlangan.
Huquqbonning qayd etishicha, Ashurov, Sayfitdinov, Uzoqov va Shorisqiyevlarga oid «Koreya ishi» doirasidagi 90 million dollarlik boshqa jinoyat ishi bo‘yicha shu yilning 17-sentabrida Bektemir tumani sudi uzoq yillik qamoq jazolarini e’lon qilgan. Tashanovga ko‘ra, protsessual qonunchilikka muvofiq mazkur shaxslarga nisbatan belgilangan jazolar qo‘shilsa, ularning qamoq muddati yanada uzayishi mumkin.