Logo

Oktyabr oyida qaysi banklarda muammoli kreditlar ko‘paydi?

Bugun 16:053 daqiqa

Oy davomida 35 ta bankdan 21 tasida muammoli kreditlar (NPL) ko‘paydi. NPL o‘sishida davlat banklari asosiy rolni o‘ynadi. Eng sezilarli o‘sish «O‘zmilliybank»da (+667,4 mlrd so‘m) kuzatildi. Nodavlat banklar orasida esa NPL miqdori «ANORBANK»da eng ko‘pligicha qolmoqda.

Oktyabr oyida qaysi banklarda muammoli kreditlar ko‘paydi? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabr holatiga tijorat banklarining jami kredit portfeli 672,1 trln so‘mni tashkil etdi. Oktyabr oyida banklar portfeli 13 trln so‘mga yoki 2 foizga oshdi.

O‘z navbatida, muammoli kreditlar (NPL) ham oy davomida 1,37 trln so‘mga yoki 5,5 foizga ortib, 26,41 trln so‘mga yetdi. Natijada NPL’ning portfeldagi ulushi 3,8 foizdan 3,93 foizga ko‘tarildi.

Oktyabrda 35 ta bankdan 21 tasida muammoli kreditlar oshdi, 12 tasida kamaydi.

Davlat banklari NPL o‘sishining asosiy manbai bo‘ldi

Davlat ulushi mavjud 9 ta bankning kredit portfeli 433,6 trln so‘mga yetdi. Ulardagi muammoli kreditlar bir oyda 16,94 trln so‘mdan 18,12 trln so‘mga ko‘paydi, ya’ni 1,18 trln so‘mga (6,9 foiz) oshdi. Bu bank tizimi bo‘yicha NPL o‘sishining 86 foizi demakdir.

1

Eng keskin o‘zgarish «O‘zmilliybank»da kuzatildi. Bankning muammoli kreditlari bir oyda 667,4 mlrd so‘mga (21,5 foiz) ko‘payib, 3,77 trln so‘mga yetdi. Bu butun tizimdagi o‘sishning qariyb yarmiga teng. Portfeldagi NPL ulushi 2,99 foizdan 3,54 foizga oshdi.

Shuningdek, «Mikrokreditbank»da NPL 190,8 mlrd so‘mga (7 foiz) oshib, 2,93 trln so‘mga yetdi. Portfeldagi NPL ulushi esa 11,75 foizgacha ko‘tarildi. Bu davlat banklari orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Davlat banklari orasida faqat ikkitasida NPL qisqardi. «O‘zsanoatqurilishbank»da muammoli kreditlar 56,6 mlrd so‘mga (3,2 foiz) kamayib, 1,74 trln so‘mga tushdi, portfeldagi ulushi esa 2,92 foizni tashkil etdi. «Xalq banki»da NPL 7,3 mlrd so‘mga kamayib, 1,58 trln so‘mga tushdi, ulushi 4,14 foizdan 4,04 foizga pasaydi.

Boshqa banklar

Qolgan 26 ta bankning kredit portfeli 238,5 trln so‘mni tashkil etdi. Ularda muammoli kreditlar 192 mlrd so‘mga (2,4 foiz) ko‘payib, 8,29 trln so‘mga yetdi.

Рисунок2

Eng ko‘p o‘sish ikki bankda kuzatildi:

●     «Orient Finans bank»: NPL 107,4 mlrd so‘mga (18,9 foiz) ko‘paydi, ulushi 3,94 foizdan 4,48 foizga oshdi.

●     «Hayot Bank»: NPL 105,7 mlrd so‘mga, ya’ni bir oyda 45,6 foizga oshdi. Ulushi esa 3,05 foizdan 4,26 foizga ko‘tarildi.

«ANORBANK» NPL miqdori bo‘yicha nodavlat banklar orasida yetakchi hisoblanadi. Oktyabrda bankning muammoli kreditlari 47,3 mlrd so‘mga ko‘payib, 1,23 trln so‘mga yetdi.

Muammoli kreditlar ulushi eng yuqori va eng past banklar

Portfeldagi NPL ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich «Madad Invest bank» («mybank» brendi)da qayd etilgan. Bankning 581 mlrd so‘mlik kredit portfelidan 253 mlrd so‘mi, ya’ni 43,6 foizi muammoli hisoblanadi.

Keyingi o‘rinlarda quyidagi banklar turibdi:

●     «Poytaxt bank»: 14,4 foiz;

●     «TBC Bank»: 13,5 foiz;

●     «Mikrokreditbank»: 11,8 foiz;

●     «ANORBANK»: 9,3 foiz;

●     «AVO Bank»: 7 foiz;

●     «Garant bank»: 5,9 foiz;

●     «Biznesni rivojlantirish banki»: 5,8 foiz;

●     «Tenge Bank»: 5,3 foiz.

NPL ulushi eng kam banklar:

●     «KDB Bank» va «Octobank»: muammoli kreditlar umuman qayd etilmagan.

●     «APEX BANK»: NPL 3,7 mlrd so‘m, ulush 0,1 foiz.

●     «Uzum Bank»: NPL 900 mln so‘m atrofida, ulush 0,2 foiz.

●     «Open Bank»: ulush 0,4 foiz.

●     «Tayanch mikromoliya banki»: ulush 0,7 foiz.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston banklaridagi muammoli kreditlar hajmi 25 trln so‘mdan oshgandi. O‘shanda NPL hajmi bo‘yicha «Agrobank», «O‘zmilliybank» va «Mikrokreditbank» yetakchilik qilgan, ulush bo‘yicha esa «Madad Invest bank», «Poytaxt bank» va «TBC Bank» yuqori o‘rinlarni egallagan.

Teglar

Mavzuga oid