Senat yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jazolarni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarga rul berganlik, tezlikni keskin oshirish va yo‘l bezoriligi uchun ham jazolar kuchaytiriladi.
O‘zbekistonda mast holda transport vositasini takroran boshqarganlik uchun bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun esa 65 BHM miqdorida jarima va olti oyga haydovchilik huquqidan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Bu haqda Senatning 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 21-yalpi majlisida ma’qullangan «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda ma’lum qilindi.
Jinoyat kodeksining 261¹-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, mast holda takroran avtomobil boshqargan shaxslar bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi. Qayd etilishicha, 2024 yilda mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 11 994 ta, 2025 yilda esa 13 521 ta huquqbuzarlik aniqlangan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga yangi 261³-modda kiritilmoqda. Unga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilsa, turli jazolar, jumladan, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilmoqda. Mazkur harakat odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Voyaga yetmaganlarga transport vositasini boshqarishni topshirganlik uchun ma’muriy tartibda 50 BHM miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi nazarda tutilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda 14 yosh va undan kichik yoshdagi shaxslar ishtirokida 168 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Tezlikni oshirish va yo‘l bezoriligi uchun jazolar
Qonunda belgilangan tezlikni oshirganlik uchun jarimalar miqdori quyidagicha belgilanmoqda:
— soatiga 40 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun — 25 BHMgacha;
— soatiga 60 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun — 45 BHMgacha;
— soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun — 65 BHM miqdorida jarima va transport vositasini boshqarish huquqidan olti oyga mahrum qilish.
Ma’lumot uchun, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida tezlikni soatiga 40–60 kilometrga oshirish bilan bog‘liq 19 719 ta huquqbuzarlik qayd etilgan.
Bundan tashqari, qonun bilan yo‘l bezoriligi va noqonuniy avtomobil poygalari, xavfli manyovrlar, drift hamda boshqa harakat ishtirokchilariga qasddan to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. 2025-yilda yo‘l bezoriligi bilan bog‘liq 604 ta, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa 572 ta huquqbuzarlik qayd etilgan.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonundan ko‘zlangan maqsad nafaqat jazolarni kuchaytirish, balki xavfli qoidabuzarliklarning oldini olish, haydovchilar mas’uliyatini oshirish va yo‘llarda insonlar hayotini asrashdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarimalar va ball hisoblashning yangi tartibi belgilangandi