Yangi Toshkent shahrida ilk xonadonlarga 2027-yil bahorida aholi ko‘chib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Yil oxirigacha 15 ming kvartira topshiriladi, kelasi yili esa hududda 50 mingga yaqin kishi yashashi kutilmoqda.
Yangi Toshkent shahri qurilish direksiyasi direktori o‘rinbosari Maqsud Abbosxonov 27-noyabrda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ilk uylarga 2027-yil bahorida aholi ko‘chib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda spot nashri xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, direksiya hozirda 20 ming kvartiradan iborat «Sharq bahori» turar joy majmuasini qurib bitkazmoqda. Aholini majmuaga 2027-yil bahorida ko‘chirish rejalashtirilgan. Abbosxonov yil oxirigacha 15 ming kvartira topshirilishini aytdi.
2027-yilda hududda 50 mingga yaqin kishi, jumladan, talabalar hamda hozirda yangi shahar hududida vaqtincha ishlayotgan vazirlik va idoralar xodimlari yashashi kutilmoqda. To‘liq qurib bitkazilgach, «Yangi Toshkent»da 1,5 mln aholi yashashi rejalashtirilgan.
E’tiborlisi, topshiriladigan xonadonlar soni bo‘yicha avval boshqa raqam aytilgandi. 12-oktabrda prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi Toshkent» qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotda yil oxirigacha shaharda 20 ming xonadon foydalanishga topshirilishi va bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhiti yaratishi aytilgandi. Davlat rahbari uylar bilan bir vaqtda aholiga dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilishi zarurligini ta’kidlagandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevroosiyo taraqqiyot banki Yangi Toshkent uchun dastlabki 100 mln dollarni ajratishni ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilingandi.