Logo

Navoiyda noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullangan 23 kishi ushlandi

Bugun 10:581 daqiqa

Ular Jizlon tog‘ tizmasida yashirincha ma’danlarni qazish va ularga ishlov berish bilan shug‘ullanib kelgan.

Navoiyda noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullangan 23 kishi ushlandi © Videodan kadr

Navoiy viloyatida tarkibida oltin mavjud bo‘lgan tog‘ jinslarini mahalliy usulda noqonuniy qazish bilan shug‘ullanib kelgan 23 nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi tadbirlari davomida aniqlangan. Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati hamda Navbahor tumani Ichki ishlar bo‘limi Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan Navbahor tumani tog‘ tizmalarida nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilgan.

Reyd jarayonida 1995, 2002 va 2005 yillarda tug‘ilgan shaxslar ushlangan. Aniqlanishicha, ular tumanning Jizlon tog‘ tizmasida yashirincha ma’danlarni qazish va ularga ishlov berish bilan shug‘ullanib kelgan. Tezkor-profilaktik tadbirlar davom ettirilganda, Navbahor tumani tog‘ tizmalarida xuddi shunday faoliyat yuritgan yana beshta jinoiy guruh fosh etilgan. Jinoiy guruh a’zolari orasida voyaga yetmaganlar ham bo‘lgani ma’lum qilindi.

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida qo‘lbola uskunalar yordamida tarkibida oltin mavjud bo‘lgan tog‘ jinslarini mahalliy usulda qazish bilan shug‘ullangan jami 23 nafar shaxs qo‘lga olingan. Ularga tegishli elektr qurilmalari va elektromotorlar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.

Uyushgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi (foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid