Soliq xodimi 3,5 gektar noturar joyda qurilish qilishga 34 ta tashkilotdan ruxsat olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u 1 mln 50 ming dollar miqdorida mablag‘ talab qilgan. Ushbu shaxs 40 ming dollarni olayotgan vaqtda tezkor tadbirda qo‘lga olingan.
Toshkent viloyati soliq boshqarmasida ishlovchi xodim tadbirkordan 1 mln dollardan ortiq pora so‘ragan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, soliq xodimi Nurafshon shahrida joylashgan xususiy korxonaga tegishli 3,5 gektar noturar yer maydonidagi qurilishi tugallanmagan sexni yuridik shaxsdan xaridor nomiga o‘tkazib berishni va’da qilgan. Bundan tashqari, u shu joyda qurilish ishlarini olib borish uchun 34 ta davlat idorasidan kerakli ruxsatnomalarni olib berishini aytgan.
Bu «xizmatlar» evaziga u 1 million 50 ming AQSH dollari talab qilgan. Soliq xodimi oldindan 40 ming dollar olayotgan paytda tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ichki ishlar organlarining ta’kidlashicha, xizmat mavqeidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, davlat idoralari nomidan noqonuniy va’dalar berish orqali o‘zgalarning ishonchini suiiste’mol qilish qonunchilikda og‘ir jinoyat sifatida baholanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosari va kadastr mansabdori 50 sotix yerni auksiondan olib berish uchun 100 ming dollar talab qilib, 30 ming dollar olayotganda qo‘lga tushgandi.