Unda partiyaning yangi Siyosiy dasturi, mafkuraviy qarashlari va tashkiliy tuzilmasi ko‘rib chiqiladi.
4-dekabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining (O‘zLiDeP) navbatdagi Kongressi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 1 500 nafar delegat ishtirok etadi.
Kongress kun tartibidan uchta muhim masala o‘rin olgan. Xususan, delegatlar partiyaning yangi Siyosiy dasturi loyihasini muhokama qiladi, mafkuraviy qarashlarni yangilash va faoliyatni Yangi O‘zbekiston talablariga muvofiqlashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi, shuningdek, partiyaning tashkiliy tuzilmasini ilg‘or xalqaro tajriba asosida qayta ko‘rib chiqadi.
Partiyaning navbatdagi Kongressiga tayyorgarlik doirasida mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli muhokamalar o‘tkazildi. Xususan, 17 mingta boshlang‘ich partiya tashkiloti yig‘ilishlarida 1,5 million kishi qatnashdi. 208 ta tumanda 22 mingdan ortiq ishtirokchi yangi Siyosiy dastur loyihasini muhokama qilgan bo‘lsa, 14 ta hududda 4 200 nafardan ortiq ishtirokchi joylardan bildirilgan takliflarni ko‘rib chiqdi.
Muhokamalar markazida partiyaning kengayib borayotgan elektorati — tadbirkorlar, ziyolilar, ta’lim va tibbiyot xodimlari, madaniyat, sport, OAV, IT va fintex sohasi vakillari, yoshlar hamda xotin-qizlar manfaatlarini yangi Siyosiy dasturda kengroq ifodalash masalasi turdi.
Kongress partiyaning kelgusi faoliyati, mafkuraviy yo‘nalishi va jamiyatning turli qatlamlari manfaatlarini ifodalashdagi ustuvor vazifalarini belgilab berishi kutilmoqda.