Bolalar ombudsmani elektr obyektlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirishni talab qildi
Bolalarning transformatorlarda tok urishi bilan bog‘liq fojiali holatlari ortidan Bolalar ombudsmani vakolatli davlat organiga ta’sir hujjati kiritdi.
© «Xorazm HETK» AJ Matbuot xizmatiO‘zbekistonda yuqori kuchlanishli elektr obyektlari bilan bog‘liq bolalar xavfsizligi yana jiddiy muhokama mavzusiga aylandi. So‘nggi oylarda transformator punktlarida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar bir nechta bolalarning halok bo‘lishi yoki og‘ir jarohat olishiga sabab bo‘ldi. Shu munosabat bilan Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova tegishli davlat organlariga ta’sir hujjati kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, 5-may kuni Namangan viloyatining Davlatobod tumanida 13 yoshli bola atrofi ochiq holatda qoldirilgan transformator ustiga chiqib ketgan. Hodisa oqibatida uni tok urib, bola vafot etgan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani bayonotida yuqori kuchlanishli elektr qurilmalari aholi, ayniqsa bolalar uchun xavfsiz bo‘lishi shartligi ta’kidlangan. Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar tomonidan xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilinishi lozimligi qayd etilgan.
Shu tufayli respublikaning barcha hududlarida yuqoridagi fojiali holatlarni oldini olish maqsadida bola xavfsizligini ta’minlashga oid belgilangan standartlarga rioya etishni nazorat qilish va zarur choralarni ko‘rish yuzasidan vakolatli davlat organiga ta’sir hujjati kiritilgan.
Fojialar qayta takrorlanmoqda
Avvalroq Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida 4 yoshli bola ochiq qoldirilgan transformator ichiga kirib ketishi oqibatida ikki qo‘lidan ayrilgan edi. Sud va tergov organlari bu holatda mas’ul shaxslarning aybi mavjudligini aniqlagan.
Shuningdek, fevral oyida Farg‘ona shahrida xususiy bog‘cha hududida ochiq qoldirilgan transformator sababli 6 yoshli bola og‘ir tan jarohati olgan. Bu holat bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2024 yil noyabr oyida esa Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida maktab o‘quvchisi tok urishi oqibatida halok bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan ham tegishli idoraning mas’ul shaxslari jazolangan.





