Xorijiy marketpleyslar uchun QQS to‘lash majburiy bo‘ladi

Bugun 13:252 daqiqa

O‘zbekistonda marketpleyslar orqali mahsulot sotuvchi xorijiy kompaniyalar endi QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tadi.

Xorijiy marketpleyslar uchun QQS to‘lash majburiy bo‘ladi © Яндекс Карты

Xorijiy marketpleys sotuvchilari ham O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida tan olinadi. Bu haqda 18-may kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida ma’lum qilindi.

Majlis davomida elektron tijorat sohasini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilinib, senatorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan qonun loyihasi Soliq kodeksi hamda «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.

Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning ma’lum qilishicha, elektron platformalar orqali O‘zbekistonda tovar sotuvchi xorijiy yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi deb e’tirof etiladi.

Soliq nazorati kuchayadi


Senatorning ta’kidlashicha, qonunning asosiy maqsadi transchegaraviy elektron savdoda budjet tushumlari yo‘qotilishining oldini olish va mahalliy hamda xorijiy sotuvchilar uchun teng raqobat muhitini yaratishdan iborat.

Yangi tartibga ko‘ra, tovar yoki xizmat sotish hududi O‘zbekiston hisoblangan hollarda xorijiy kompaniyalar soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi. Agar ular mamlakatda diler, vakolatxona yoki mahalliy hamkor orqali ishlasa, ushbu rezidentlar soliq agenti vazifasini ham bajaradi. Bunday holatda ularga ham soliq qonunchiligida belgilangan majburiyat va javobgarlik tatbiq etiladi. O‘zbekiston bozorida mahalliy hamkorlar orqali ishlaydigan xorijiy kompaniyalar belgilangan tartibda soliq hisobidan o‘tishi shart bo‘ladi.

Chet elda joylashgan kompaniyalar O‘zbekiston xaridorlari bilan elektron platformalar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo qilgan taqdirda, QQS tovar yoki xizmatning haqiqiy qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

Bozor hajmi 20 barobar o‘sgan

So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda elektron tijorat hajmi 20 barobar oshib, 1,3 mlrd dollarga yetgan. Ayni paytda mamlakatda 90 dan ortiq elektron savdo platformasi faoliyat yuritmoqda.

Ular orasida Yandex, Ozon va Wildberries kabi xalqaro platformalar, shuningdek Uzum, Sello va Zood Mall kabi milliy va mintaqaviy platformalar bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali O‘zbekistonga 167,5 mln dollarlik tovar import qilingan. 400 ming nafar jismoniy shaxs 3,23 mln ta buyurtma rasmiylashtirgan.

Shuningdek, yangi qonun elektron platformalar operatorlariga ham qator majburiyatlarni yuklaydi. Ular shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlashi, axborot va kiberxavfsizlik talablariga amal qilishi hamda hisob-kitoblarni maxsus bank hisobraqamlari orqali amalga oshirishi shart bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda marketpleyslar va internet platformalar orqali amalga oshirilayotgan onlayn tranzaksiyalar ustidan soliq nazorati kuchaytirilayotganligi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid