Rejadagidek kechmagan «maxsus operatsiya»: «Kiyevni uch kunda olamiz» shiori Putin va Rossiya uchun qimmatga tushdi
Ukrainaga qarshi urush Rossiyaning o‘ziga tobora qattiqroq zarba bermoqda. Iqtisodiy xarajatlar ortib, Ukraina Qurolli Kuchlarining hujumlari mamlakatning eng chekka hududlarigacha tez-tez yetib bormoqda. Bunday og‘ir sharoitda prezident Vladimir Putin tobora murakkab vaziyatda qolmoqda.

2022 yilning fevralida Rossiya prezidenti Vladimir Putin «maxsus operatsiya» boshlanganini e’lon qilganida, rus jamiyatining ma’lum bir qismi buni katta ko‘tarinkilik bilan kutib olgandi. Media makonida g‘alaba shiorlari, jumladan, mashhur «Kiyevni uch kunda olamiz» iborasi tez-tez yangrar, davlat telekanallarida esa Ukraina poytaxtini egallashning taxminiy jadvallari namoyish etilar edi.
Oradan to‘rt yildan ortiq vaqt o‘tdi va avvalgi ishtiyoqdan asar ham qolmadi. Hanuzgacha aniq maqsadlarsiz olib borilayotgan urushdan charchash, oshib borayotgan iqtisodiy yuk, rossiyaliklarni odatiy turmush tarzidan mahrum qilgan sanksiyalar, qolaversa, tinch aholini mol-mulki va hatto jonidan judo qilayotgan Ukraina zarbalarining tobora shiddatli tus olayotgani o‘z ta’sirini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Bunday og‘ir vaziyatda oddiy rossiyaliklar tugul, hatto hukumatga moyil blogerlar va media vakillari ham rasmiylarning harakatlarini keskin tanqid qila boshladi. Ba’zida Vladimir Putinning o‘zi bu tanqidlarning bevosita nishoniga aylanmoqda.
Ukraina zarbalari tobora og‘riqli tus olmoqda
Ukrainaning Rossiya hududi bo‘ylab berayotgan zarbalari soni va masofasi bo‘yicha yangi rekordlarni qayd etmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina 6-maydan 7-mayga o‘tar kechasi havo hujumidan mudofaa tizimlari 21 ta mintaqa va uchta dengiz akvatoriyasi ustida 347 ta dronni urib tushirgan. Vazirlik bu hujumni urush boshlanganidan beri eng yiriklaridan biri deb baholadi.
Yaqinda Ukraina dronlari front chizig‘idan 1200 kilometrdan ziyod uzoqlikda joylashgan Orenburggacha yetib bordi. Mahalliy rasmiylarning xabar berishicha, hujum oqibatida turar-joy binosi, maktab va bolalar bog‘chasiga zarar yetgan.
Kiyev bu zarbalarning asosiy nishoni Rossiyaning mudofaa va neft infratuzilmasi ekanini yashirmayapti. So‘nggi oylarda Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) hujumlarni sezilarli darajada kuchaytirdi.
Birgina aprel va may oyining boshlarida oltita yirik korxona — «Nijegorodnefteorgsintez», Tuapse, Novokuybishevsk va Sizran neftni qayta ishlash zavodlari, shuningdek, «Permnefteorgsintez» va «Kinef» korxonalari zarbaga uchrab, o‘z ishini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. «Bloomberg» agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujumlar oqibatida Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi 2009 yildan beri eng past ko‘rsatkichga — kuniga 4,69 million barrelgacha tushib ketgan.
16, 20 va 28-aprelga o‘tar kechasi Novorossiysk dengiz portidagi neft majmuasi ham Ukraina dronlari hujumiga nishon bo‘ldi. So‘nggi zarba yirik yong‘inni keltirib chiqardi: shahar osmonini qora tutun qoplab, mahalliy rasmiylar mintaqaviy darajada favqulodda holat e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Iqtisodiyot choklaridan so‘kilmoqda
Urushning tobora ortib borayotgan xarajatlari, xalqaro sanksiyalar va strategik zavodlarga berilayotgan zarbalar Rossiya iqtisodiyotini qattiq siqmoqda. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-mart oylarida mamlakat YAIM ko‘rsatkichi 0,3 foizga qisqargan. Bu esa 2023 yil boshidan beri kuzatilgan ilk iqtisodiy pasayishdir.
Xuddi shu davrda budjet kamomadi (defitsit) 60 milliard dollargacha o‘sib, yillik rejadan oshib ketdi. Markaziy bankning asosiy stavkasi 14,5 foizlik o‘ta yuqori darajada ushlab turilganiga qaramay, inflatsiya qariyb 6 foiz atrofida saqlanib qolmoqda. Jahon bozorlarida ijobiy o‘sish kuzatilayotgan bir paytda, Rossiya fond bozori mart oyidan beri o‘z pozitsiyalarini yo‘qotmoqda. Buning ustiga, RF Markaziy banki mamlakatda ishchi kuchining jiddiy tanqisligi yuzaga kelganidan ogohlantirdi.
Vaziyat kutilganidan ko‘ra yomonroq tus olayotganini hatto Vladimir Putinning o‘zi ham tan oldi. O‘tgan oyda u hukumatdan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar nega rejadagi natijalarga mos kelmayotganiga izoh berishni va iqtisodiy o‘sishni tiklash uchun qo‘shimcha choralar ishlab chiqishni talab qildi.
Ichki vaziyat aholini tobora tashvishga solmoqda
Bunday og‘ir sharoitda so‘nggi oylarda shiddat bilan kengayayotgan raqamli cheklovlar rossiyaliklarni yanada tashvishga solmoqda. 2026 yil 1-martdan e’tiboran davlatning internet ustidan nazoratini kuchaytiruvchi qonunchilik tuzatishlari kuchga kirdi. Endi FXX aloqa operatorlaridan istalgan foydalanuvchini zudlik bilan tarmoqdan uzib qo‘yishni talab qilish huquqiga ega.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvariga kelib, Roskomnadzor 440 ga yaqin internet servisini bloklagan. Mart oyida «Android» tizimida taqiqlarni aylanib o‘tish vositalarini (VPN) yuklab olishlar soni 9,2 millionga yetdi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga ko‘p.
Turli hududlarda mobil internetning muntazam o‘chirib qo‘yilishi fonida internetning Rossiya segmentini global tarmoqdan qisman uzib qo‘yish ehtimoli faol muhokama qilinmoqda. Xususan, mart oyida Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida mobil aloqaning ommaviy ravishda uzilishi kuzatildi. Rasmiylar buni xavfsizlik choralari bilan izohlayotgan bo‘lsa-da, aholining bunga munosabati o‘zgacha: VPN xizmatlariga bo‘lgan talab tinimsiz ortmoqda.
Aprel oyining oxirida teleboshlovchi va bloger Viktoriya Bonya Vladimir Putinga videomurojaat yo‘llab, qator muammolarni ko‘tarib chiqdi. U o‘z chiqishida ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning bloklanishi, Novosibirsk viloyatida chorva mollarining ommaviy so‘yilayotgani, mahalliy amaldorlarning Dog‘istondagi vayronkor toshqinga befarqligi hamda Anapadagi mazut chiqindilari bilan bog‘liq ekologik holatni tanqid ostiga oldi.
Ushbu trendga Davlat dumasining sobiq deputati Mariya Kojevnikova va yana bir qator taniqli shaxslar ham qo‘shildi. To‘g‘ri, ularning hech biri urushni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoralamagan, ammo bunday ommaviy murojaatlarning ko‘payishi jamiyatda urush oqibatlari tufayli shiddat bilan ortib borayotgan ichki keskinlikning yaqqol belgisi sifatida baholanmoqda.
Bundan avvalroq, mart oyida ilgari muxolifatchilarga qarshi hujumlari bilan tanilgan hukumatparast bloger va «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zosi Ilya Remesloning bayonoti katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. U 2026 yil martida ochiqchasiga Vladimir Putinni urush boshlaganlikda va iqtisodiy muammolarda ayblab, keskin tanqidiy postlar seriyasini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, blogerning ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani haqida xabarlar tarqaldi, biroq keyinchalik Remeslo qo‘yib yuborildi.
Boshi berk ko‘cha
Harbiy harakatlar davom etayotgan bir paytda, dunyoning katta qismi, jumladan, AQSHning ham e’tibori tobora Eron atrofidagi vaziyatga qaratilmoqda. Shunga qaramay, Ukraina yo‘nalishida tinchlikka vositachilik qilish urinishlari to‘xtab qolgani yo‘q.
8-may kuni AQSH prezidenti Donald Tramp 9-maydan 11-maygacha uch kunlik sulh e’lon qildi va bu «juda uzoq davom etgan nizo nihoyasining boshlanishi» bo‘lishiga umid bildirdi. Bundan biroz avval Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov Mayamida AQSHning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashib, oliy darajadagi muzokaralarning ehtimoliy formatlarini muhokama qilgan edi.
Shu bilan bir qatorda, Vladimir Putin Yevropa bilan muloqotda vositachi sifatida Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shrederni jalb qilishni taklif etdi. Biroq Kiyev va Brussel Shreder allaqachon Rossiya manfaatlari lobbichisi sifatida nom chiqarganini ta’kidlab, bu g‘oyani qat’iyan rad etdi hamda muqobil sifatida GFRning boshqa bir sobiq kansleri Angela Merkel nomzodini ilgari surdi.
Shundan so‘ng Putin yangi murojaat bilan chiqdi va ilk bor ommaviy ravishda ukrainalik hamkasbini «janob Zelenskiy» deb atab, u bilan shaxsiy uchrashuvga tayyorligini bildirdi.
«Men Ukraina tomoni, janob Zelenskiy shaxsiy uchrashuv o‘tkazishga tayyorligi haqida yana eshitdim. Biz buni hech qachon rad etmaganmiz, shaxsan men ham rad etmaganman», — dedi u 9-may kungi bayonotida.
Putin Zelenskiy bilan uchinchi bir mamlakatda muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini istisno qilmadi. Biroq u uchrashuvga qadar tinchlik shartnomasi loyihasi to‘liq tayyorlanishi va suhbat aynan shu hujjatni imzolash ustida borishi kerakligini qat’iy shart qilib qo‘ydi.
Shuningdek, «Financial Times» nashrining yozishicha, Moskva va Kiyevda AQSH vositachiligida to‘laqonli muzokaralar qayta tiklanishiga bo‘lgan ishonch tobora so‘nib bormoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, Putin Rossiya ko‘rayotgan ulkan yo‘qotishlar va hukumat manziliga aytilayotgan tanqidlar ortib borayotganiga qaramay, Ukraina ichkarisiga yanada chuqurroq kirib borishga umid qilmoqda. Agar u Donbass ustidan nazoratni to‘liq qo‘lga kiritsa, muzokara shartlarini yanada kuchaytirmoqchi. Ukraina esa, o‘z navbatida, o‘z hududlaridan aslo voz kechish niyatida emas.
Kiyevning yaqinda yana ommaviy ravishda o‘qqa tutilishi tomonlar o‘zaro keshiluvdan hali juda uzoq ekanini ko‘rsatmoqda. Urushning Rossiya va shaxsan Vladimir Putin uchun zarari tobora ortib borayotganiga qaramay, nizoning yaqin kelajakda tugashiga umid qilish uchun hozircha asoslar kam.





