«Oman Air» Toshkent-Maskat yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi
O‘mon milliy aviakompaniyasi «Oman Air» 2-iyundan Toshkent va Maskat o‘rtasida haftasiga uch marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirishini e’lon qildi.
© Paul Nelhams«Oman Air» aviakompaniyasi 2-iyundan boshlab Toshkent va Maskat orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. «Uzbekistan Airports» ma’lumotlariga ko‘ra, parvozlar haftasiga seshanba, juma va shanba kunlari Boeing 737 samolyotlari orqali amalga oshiriladi.
Yangi yo‘nalish yo‘lovchilarga Maskat xalqaro aeroporti orqali Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Yevropa davlatlariga tranzit safar qilish imkonini taqdim etadi. Bu yo‘nalish, shuningdek, biznes safarlarini amalga oshirish va tez va qulay aloqa ta’minlash uchun moslashtirilgan.
«Oman Air» haqida
«Oman Air» — O‘mon Sultonligining milliy aviakompaniyasi bo‘lib, keng xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘i bo‘yicha parvozlar amalga oshiradi. Kompaniya «British Airways» va «Qatar Airways» kabi aviakompaniyalar a’zo bo‘lgan «Oneworld» global aviatsiya alyansi tarkibida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 2-aprelda O‘zbekiston hukumati «Oman Air» aviakompaniyasiga Maskat-Toshkent-Maskat yo‘nalishida muntazam reyslarni amalga oshirish uchun Foydalanish ruxsatnomasini bergan edi. Shuningdek, 2026 yil mart oyida O‘zbekiston va O‘mon rahbarlari Maskat-Toshkent yo‘nalishini 1-iyundan yo‘lga qo‘yish rejasini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 1-iyundan boshlab O‘mon O‘zbekiston fuqarolari uchun 14 kunga vizasiz rejim joriy qilgan, bu esa yo‘lovchilar uchun safarni yanada qulaylashtirdi.





