Elektr va gaz tariflarining oshishi O‘zNIF IPOsi bilan bog‘liqmi? Vazirlik rasmiysi javob berdi

Bugun 22:012 daqiqa

Elektr energiyasi va gaz tariflari 1-iyundan boshlab oshiriladi. Rasmiylar buni iste’molning o‘sishi fonida energiya tizimini modernizatsiya qilish zarurati bilan izohlagan.

Elektr va gaz tariflarining oshishi O‘zNIF IPOsi bilan bog‘liqmi? Vazirlik rasmiysi javob berdi © Shutterstock

O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflarining o‘zgarishi O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi (O‘zNIF)ning IPOsi (aksiyalarning birlamchi joylashtirilishi) bilan bog‘liq emas va bu inflatsiyani hisobga olgan holda amalga oshirilgan yillik indeksatsiyadir. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz sohasi bo‘yicha o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ma’lum qildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz».

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, har yili may oyidan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari inflatsiya darajasiga yaqin miqdorda tuzatib boriladi. Bu tariflarning oshirilishi emas, balki yil davomida shakllanadigan qo‘shimcha xarajatlarni qoplashga qaratilgan indeksatsiyadir. Mustafayev ushbu qarorning IPO bilan bog‘liqligini rad etgan bo‘lsa-da, bu o‘zgarish fond tarkibidagi energetika korxonalarining moliyaviy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini va ularga qo‘shimcha mablag‘ berishini tan oldi.

Ma’lumot uchun, O‘zNIF portfeliga «Hududgazta’minot», «Hududiy elektr tarmoqlari», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari» va «O‘zbekgidroenergo» kabi kommunal va energetika kompaniyalarining ulushlari kiradi.

Tariflar o‘zgarishi fond aktivlarining bahosiga ta’sir qiladi


«Franklin Templeton» tarkibidagi «Templeton Global Investments» kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Danning bildirishicha, tariflar indeksatsiyasi fond aktivlarining sof qiymatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muhim voqelikdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi sharoitlarning aktivlar bahosiga ta’siri mustaqil baholovchilar bilan muhokama qilinadi va yakuniy natijalar fondning 2026 yil iyun oxiridagi holati bo‘yicha hisoblanib, iyul oyi o‘rtalarida e’lon qilinadigan sof aktivlar qiymatida aks etadi.

Eslatib o‘tamiz, aholi va tadbirkorlar uchun elektr energiyasi hamda gaz tariflari 1-iyundan boshlab oshiriladi. Rasmiylar buni iste’molning o‘sishi fonida energiya tizimini modernizatsiya qilish va uning ishonchliligini oshirish zarurati bilan izohlagan.

O‘zNIF IPOsi O‘zbekiston tarixidagi eng yirigi bo‘ldi

Yaqinda xalqaro va mahalliy fond bozorlarida O‘zNIF aksiyalarining birlamchi joylashtirilishi (IPO) bo‘lib o‘tdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi fondning 31 foizlik ulushini (GDR opsionlarisiz) tashkil etuvchi 1,56 trillion dona aksiyasini taklif qildi. IPO davomida jami 603,6 million dollar mablag‘ jalb qilindi va qo‘shimcha joylashtirish opsionlari hisobga olinsa, bu summa 692 million dollarga (ulush esa 35 foizga) yetishi mumkin.

Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston tarixidagi eng yirik IPOga aylandi. Taqqoslash uchun, 2022 yilda «UzAuto Motors» IPOsi doirasida 56,9 milliard so‘m, «O‘zbektelekom» IPOsida esa 33,25 milliard so‘m mablag‘ yig‘ilgan edi. 2025 yil 31-dekabr holatiga ko‘ra O‘zNIF aktivlarining sof qiymati 2,44 milliard dollarni tashkil etgan (IPO yakunlariga ko‘ra kapitalizatsiya 1,95 milliard dollar bo‘ldi). Fond portfelidan 13 ta davlat kompaniyasi, jumladan, Uzbekistan Airways, «O‘zbektelekom», «O‘zpromstroybank» va «O‘zbekinvest»ning minoritar ulushlari o‘rin olgan.

Teglar

Mavzuga oid