«Infinbank» egasining yangi aviakompaniyasi, Toshkentdagi eng arzon uylar va eng ommabop bank ilovalari reytingi — 21-may dayjesti

Kecha 23:193 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Infinbank» egasining yangi aviakompaniyasi, Toshkentdagi eng arzon uylar va eng ommabop bank ilovalari reytingi — 21-may dayjesti

O‘zbekistonda eng ko‘p ishlatiladigan bank ilovalari qaysilar?

2026 yil aprel oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ko‘p ishlatiladigan bank ilovalari reytingi e’lon qilindi. 31 ta tijorat bank mobil platformasi o‘rganilgan tahlilda 2,5 milliondan ziyod foydalanuvchi fikrlari hisobga olingan. Eng ko‘p yuklab olingan ilova «Ipak Yuli banki» bo‘lsa, avvalgi oyda yetakchi «Uzum Bank» edi.

Reytingda xususiy banklar ustunlik qilgan: eng kuchli uchlik — «TBC Bank», «Ipak Yuli banki» va «Uzum Bank». Foydalanuvchilar bahosi bo‘yicha eng yuqori natijani «TBC Bank» mobil ilovasi qayd etgan, eng past pog‘onada esa «KDB Bank» ilovasi joy olgan.

Uy-joy bozori tahlili: Poytaxtdagi eng arzon uylar qaysi hududda joylashgan?

2026 yil aprel oyida Toshkent uy-joy bozorida narxlar asosan barqaror saqlanib qoldi, ammo hudud va xona soni kesimida farq sezildi. Birlamchi bozorda yangi uylar ulushi 47,6 foizga yetgan, ikkinchi bozor ulushi esa 52,4 foizga tushgan. Eng qimmat uylar Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bekda, kvadrat metri 1413–2121 dollarni tashkil etsa, eng arzon uylar Uchtepa, Olmazor va Sirg‘alida, 900–1367 dollar atrofida narxlandi.

Hisobotda qayd etilishicha, 1–2 xonali uylar narxi birlamchi bozorda hanuz barqaror yoki oz miqdorda o‘sgan, 3–4+ xonali uylarda esa pasayish kuzatilgan. Yangi Toshkent loyihasi va qurilish faolligi Yashnobodda narxlarning o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda, ammo naqdsiz oldi-sotdi tartibi hozircha bozorda katta o‘zgarishlarga olib kelmagan.

O‘zbekiston Eronga ikkinchi insonparvarlik yordamini yubordi

O‘zbekiston 2026 yilda Eronga ikkinchi gumanitar yordam kolonnasini yubordi. Bu safar 15 ta yuk mashinasida farmatsevtika va tibbiy buyumlar ortilib, Dargoz quruqlik chegarasi orqali Eron Qizil Yarim oy jamiyatiga topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston birinchi gumanitar kolonnasi 16-mart kuni yuborilgan bo‘lib, unda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari — un, guruch, shakar, makaron, kungaboqar yog‘i va turli konservalar, shuningdek dori-darmon va tibbiy buyumlar ham bor edi. Bu qadam O‘zbekistonning Eron bilan hamjihatlik va insonparvarlik hamkorligini yana bir bor namoyon etmoqda.

«Infinbank»ning egasi yangi aviakompaniya ochdi

O‘zbekistonda «Infinbank» egasi Farhod Mamajonov yangi aviakompaniya — «Safo Airlines» MCHJni ochdi. 7-may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tgan ushbu kompaniya havo transporti sohasida xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil qilindi va «Infinbank» bilan aloqadorligi bois ro‘yxatga kiritildi. Ustav kapitali 2,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Yangi aviakompaniyaning 60 foiz ulushi Farhod Mamajonovga, 30 foizi Mixahl Alenkinga va 10 foizi Avazjon Tashpo‘latovga tegishli. «Safo Airlines» O‘zbekistondagi navbatdagi aviakompaniyalardan biriga aylandi, mamlakatda shu paytga qadar UZBEKISTAN Airways, Centrum Air, Qanot Sharq, Silk Avia, Air Samarkand va My Freighter kabi aviakompaniyalar faoliyat yuritmoqda.

Ma’lumot uchun: «Infinbank»ning 2026 yil I choragidagi sof foydasi 186,3 mlrd so‘mni tashkil qilib, 2025 yilga nisbatan 117,8 mlrd so‘mga ko‘paygan.

OLX O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb tan olindi

O‘zbekistonda OLX platformasi onlayn e’lon va reklama xizmatlari bozorida ustun mavqega ega deb tan olindi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi. Endilikda OLX faoliyati monopoliyaga qarshi nazorat doirasida kuzatib boriladi.

Qonunchilikka muvofiq, ustun mavqega ega platformalarga maxsus talablar qo‘llaniladi. Shu bois OLX’da majburiy “Monopoliyaga qarshi komplayens” tizimi yo‘lga qo‘yiladi va kompaniya bozor ustunligini suiiste’mol qilmasligi uchun doimiy monitoring olib boriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, OLX O‘zbekistonda oyiga 5,4 million faol foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadi va internet auditoriyaning 20 foizidan ortig‘ini qamrab olgan. Platforma “OLX Group” tarkibiga kiradi va dunyoda 30 dan ortiq mamlakatda onlayn savdo hamda xizmat platformalarini boshqarib kelmoqda.

Teglar

Mavzuga oid