Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni BAA vaziri Muxammad bin Abdulloh al-Gargaviyni qabul qilib, ikki davlat o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi © prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muxammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda vazir BAA Prezidenti Shayx Muxammad Ol Naxayon va boshqa yetakchi rahbarlar nomidan salom va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat hamkorligini kuchaytirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va mavjud islohotlar natijadorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stlik munosabatlari, shuningdek ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlik natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat xizmatini takomillashtirishda 10 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi» amalga oshirilmoqda. BAAning byurokratik jarayonlarni qisqartirishdagi ilg‘or tajribasi joriy etilmoqda va shu doirada loyiha ofisi faoliyat boshladi.

Shuningdek, «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» ta’lim dasturi doirasida milliondan ortiq ishtirokchi natijalari e’tirof etildi. Bugun «Davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash» loyihasi g‘oliblari taqdirlanadi va uning doirasini kengaytirish masalasi muhokama qilindi.

Yangi hamkorlikda umummilliy kitobxonlik harakatini rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va strategik hamkorlikda turli loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma forumi tashkil etish va konseptual hujjatlarni tayyorlash masalalari ham kelishildi.

Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari telefon orqali suhbatlashdi. Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi telefon suhbati davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.

Teglar

Mavzuga oid