«Starship»ning sinov parvozi startga 28 soniya qolganda bekor qilindi
Yangi avlod «Starship» raketa uchirilishi texnik muammo sabab bekor qilindi, muammo gidravlik shtift bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.
© Steve Nesius / Reuters«SpaceX» kompaniyasi «Starship»ining 21-may kuni Texasdagi kosmodromdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan test uchirishi Ilon Mask tomonidan onlayn translyatsiya orqali kuzatildi. Start oldidan orqaga sanash bir necha marta to‘xtatildi va oxir-oqibat uchirish 28 soniya qolganda texnik nosozlik sababli bekor qilindi.
Maskning ma’lum qilishicha, nosozlik start minorasi strelasini ushlab turuvchi gidravlik shtift to‘liq yig‘ilmagani bilan bog‘liq bo‘lgan. Agar muammo bartaraf etilsa, raketa 22-may kuni qayta uchirilishi mumkin.
Bu uchirish «Starship» uchun 12-sinov parvozi va yangi avlod – V3 versiyasidagi ilk uchirish bo‘lishi kerak edi. Rejaga ko‘ra, raketa Yerning yarmini kesib o‘tuvchi suborbital trayektoriya bo‘yicha sinov parvozini amalga oshirishi kutilgan.
NASA ushbu raketa orqali 2028-yilda astronavtlarni Oy yuzasiga qo‘ndirishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq SpaceX 2026-yilda IPO o‘tkazish uchun ariza bergani, bu esa AQSH birjasi tarixidagi eng yirik IPO bo‘lishi mumkinligi haqida xabar qilingan edi.





