«Har oltinchi oila barbod bo‘lmoqda». O‘zbekistonda ajralishlar soni nima sababdan o‘syapti va tizimli yechimlar qanday bo‘lishi kerak?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oilaviy ajralishlar va maishiy zo‘ravonlik masalasi eng og‘riqli ijtimoiy muammolardan biriga aylandi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda nikohlar soni qatorasiga to‘rtinchi yil pasaymoqda, ajralishlar ko‘rsatkichi esa muttasil o‘syapti. Quruq raqamlar ortida yashiringan ijtimoiy-iqtisodiy sabablar, yopiq eshiklar ortidagi reallik va institutsional bo‘shliqlar – maqola tahlilida.

Vaziyatning jiddiyligini qonunchilikdagi so‘nggi islohotlar ham, aholining demografik holati bo‘yicha e’lon qilingan rasmiy ko‘rsatkichlar ham tasdiqlaydi. Aholining barqaror o‘sib borishiga qaramay, yangi oilalar qurish ko‘rsatkichi pasaymoqda. Eng xavotirlisi – qurilayotgan har oltinchi oila ajralish bilan yakun topmoqda.
Raqamlar dinamikasi: Nikohlar kamayib, orderlar ko‘paymoqda
Vaziyatni aniq baholash uchun so‘nggi yillardagi asosiy demografik ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratish lozim.
Ko‘rsatkich nomi | 2025 yil holatiga qiymat | O‘zgarish dinamikasi (2024 yilga nisbatan) |
Jami nikohlar | 4,7 mingga kamaygan (4 yil qatorasiga pasayish) | |
Nikoh koeffitsiyenti | So‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkich | |
Jami ajralishlar | 1,8 mingga ko‘paygan | |
Himoya orderlari (2024 yil yakuni) | - | |
Himoya orderlari (2025 yil 7 oyi) | Keskin o‘sish kuzatilgan |
Ushbu raqamlar shunchaki statistik o‘zgarishlar emas. Ayniqsa, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha berilayotgan himoya orderlari soni yarim yil ichidayoq o‘tgan yildagi umumiy ko‘rsatkichdan oshib ketgani masalaning qanchalik ildiz otganini ko‘rsatadi.
Ajralishlar va qonun: Jazo choralari oilani saqlab qolishga yetarlimi?
Ajralishlar faqatgina bir omil bilan o‘lchanmaydi. Bunga iqtisodiy beqarorlik, mehnat migratsiyasi, uchinchi shaxslarning aralashuvi hamda eng og‘ir holatlarda – maishiy zo‘ravonlik sabab bo‘lmoqda.
Davlat ushbu tendensiyaga qarshi huquqiy choralarni kuchaytirdi: 2023 yilda qabul qilingan O‘RQ-829-sonli qonun bilan oiladagi barcha turdagi zo‘ravonliklar alohida jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilandi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining himoya orderini berish tartibini belgilovchi 3-sonli qaroriga muvofiq, tajovuzkor shaxslarni majburiy psixologik tuzatish amaliyoti yanada qat’iylashtirildi. Ammo qonunlar doim ham yopiq eshiklar ortidagi fojialarni to‘xtatib qolishga yetarli bo‘lmayapti.
Ajralishlarning ijtimoiy-psixologik ildizlari
Oilaviy inqirozlarni tezlashtirayotgan omillar nafaqat maishiy, balki inson ruhiyatining chuqur qatlamlari bilan bog‘liq:
Avlodlar to‘qnashuvi va majburiy qoliplar: Katta avlod vakillari o‘zlarining «maktab–to‘y–farzand» zanjiridan iborat muvaffaqiyat qoliplarini yoshlarga tiqishtirishda davom etmoqda. Shaxsiy va kasbiy mustaqillik sari intilayotgan yoshlar jamiyatning «normal odam» bo‘lish talabi ostida ezilmoqda. Iqtisodiy va ruhiy jihatdan tayyor bo‘lmasdan, kattalar chizgan chiziq asosida qurilgan oilalar tezda parchalanmoqda.
Defitsitar muhabbat va qo‘rquv: Aksariyat yoshlar oilani ikki mustaqil, ruhan yetuk shaxsning birlashuvi emas, balki o‘z ruhiy bo‘shlig‘ini boshqalar hisobidan to‘ldirish vositasi sifatida ko‘radi. Turmushlar sog‘lom tanlov evaziga emas, «qari qiz bo‘lib qolish», «odamlar nima deydi» yoki yolg‘izlik qo‘rquvi asosiga qurilmoqda. Bunday poydevor hayotning kichik bo‘ronlariga ham dosh bera olmaydi.
Ota-ona ssenariysining takrorlanishi: Bolaligida zo‘ravonlik yoki sovuqqonlikni ko‘rib katta bo‘lgan, ota-onasidan emotsional jihatdan ajralib chiqmagan farzandlar yillar o‘tib bu nosog‘lom muhitni o‘z oilasida takrorlaydi. Ongdagi «ertakdagidek» mukammal hayot haqidagi irratsional kutilmalar sabab, yoshlar qiyinchilik tug‘ilganda sog‘lom muloqot o‘rniga munosabatlarga nuqta qo‘yishni afzal bilishmoqda.
Moddiy yetishmovchilik va migratsiya omili
Psixologik omillardan tashqari, iqtisodiy determinizm oila barqarorligida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Uy-joy muammosi, ayniqsa, bir nechta oilaning bir hovlida siqiq sharoitda yashashi ziddiyatlar uchun «portlovchi» muhit yaratmoqda. Ishsizlik va doimiy daromad manbaining yo‘qligi oila boshlig‘ining jamiyatdagi va oiladagi mavqeiga putur yetkazib, surunkali nizolarni keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, mehnat migratsiyasi o‘zbek oilasining an’anaviy modelini transformatsiyaga uchratdi. Er-xotinning yillab alohida yashashi emotsional bog‘lanishning uzilishiga, ishonchsizlikka va natijada oilaning huquqiy va amaliy inqiroziga sabab bo‘lmoqda.
Ijtimoiy aralashuv va yangi davr xavflari
O‘zbek mentalitetiga xos bo‘lgan «uchinchi shaxslar» (qaynonalar, qarindoshlar) aralashuvi hamon ajralishlar reytingida yuqori o‘rinni egallamoqda. Ota-onalar tomonidan yosh oilaning mustaqil budjeti va shaxsiy chegaralariga qilinadigan bosim ko‘pincha konstruktiv muloqotga imkon qoldirmaydi.
Bunga parallel ravishda, texnologik taraqqiyot bilan birga kirib kelgan yangi ijtimoiy illat – ludomaniya (onlayn qimor va totalizatorlar) oilaviy ajralishlarning zamonaviy triggeriga aylandi. Qimor o‘yinlari oqibatida kelib chiqayotgan ulkan qarzlar va ishonchning yo‘qolishi ko‘plab oilalarni jarlik yoqasiga olib kelmoqda. Tibbiy nuqtai nazardan esa, bepushtlik muammosi hamon jamiyatda stigmatizatsiya qilinayotgani sababli ko‘plab nikohlar aynan shu sabab bilan buzilmoqda.
Yechim: Qonunlardan tashqari nima o‘zgarishi kerak?
Muammoning tizimli yechimi faqatgina jazolarni og‘irlashtirish bilan cheklanmaydi:
Psixologik savodxonlik zarurati: Aksariyat insonlarda hissiy-emotsional intellektning torligi, shaxsiy chegaralar haqidagi tasavvurlarning yo‘qligi va umuman, psixologik savodxonlikning o‘ta pastligi vaziyatni yanada jiddiy tus olishiga sabab bo‘lmoqda. Aynan mana shu bilimsizlik ortidan odamlar nafaqat oilaviy ajralish yoqasiga kelib qolmoqda, balki butun hayoti davomida chuqur kelishmovchiliklar va zo‘ravonlik qurboniga aylanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, mazkur muammoning tizimli yechimi psixologiya fanini maktab o‘quv dasturlariga kiritishdan boshlanishi lozim. Albatta, bu majburiy emas, balki erkin tanlov asosidagi fakultativ fan («Umumiy psixologiya», «Shaxslararo munosabatlar psixologiyasi» kabi) sifatida taqdim etilishi kerak. Bu orqali bolalar oila qurish yoshiga yetguniga qadar inson ruhiyati haqidagi bilimlarini boyitib, sog‘lom munosabatlar qurish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi hamda o‘z-o‘ziga yordam bera oladigan shaxs bo‘lib shakllanadi. Biroq bu o‘rinda qat’iy bir mezon bor: psixologiyaga odobnoma, tarbiyaviy soat yoki «ma’naviyat darsi» kabi yondashmaslik o‘ta muhimdir. Negaki, psixologiya quruq nasihatbozlik emas, balki inson ruhiyatini ilmiy asosda o‘rganuvchi fundamental fandir.
«Infolo‘ttibozlar»dan qochish: Afsuski, jamiyatda haqiqiy psixologik yordamga bo‘lgan ehtiyoj ortgan bir paytda, so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda urchib ketgan «infolo‘ttibozlar» sohaga nisbatan chuqur ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda. Bugun odamlar orasida «Tinchgina yashayotgan oilasini psixologga borib buzib keldi» degan asossiz, ammo xavotirli qarashlar shakllanib ulgurgan. Buning asl sababi inqirozga yuz tutgan insonlar malakali mutaxassislarga emas, balki osongina pul topishni ko‘zlagan diletantlarga aldanib qolayotganidadir. Aslida, ajralish yoqasiga kelib qolgan er-xotinlar haqiqiy, professional psixolog terapiyasidan o‘tsa, muammoning asl ildizlari bilan yuzlashadi. Shundan keyingina ajrashish yoki munosabatlarni saqlab qolish borasida hissiyotlarga berilmagan, ongli qaror qabul qilinishi ancha maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Xotin-qizlar mustaqilligi: Oiladagi zo‘ravonlik va ajralishlarning oldini olishda xotin-qizlarning mustaqilligi masalasi ham hal qiluvchi omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Qizlarni yoshligidanoq o‘z fikriga ega, qat’iyatli va har tomonlama mustaqil shaxs sifatida tarbiyalash ularning kelajakda jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga mustahkam zamin yaratadi. Hech kimga tobe bo‘lmagan ruhan kuchli ayol zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga toqat qilmaydi va o‘z vaqtida mustaqil qaror qabul qila oladi. Bunga parallel ravishda, ayollarning kasb-hunar egallashi va iqtisodiy erkinlikka erishishi ularni istalmagan zulmga chidab yashash asoratidan qutqaradi. Shu ma’noda, davlat tomonidan xotin-qizlarni iqtisodiy jihatdan himoya qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada kengaytirilishi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahalla institutining yondashuvi: Ilgari mahalla faollari faqat oilani «yarashtirish» bilangina shug‘ullangan. Bu yondashuv ba’zan jabrlanuvchining dushman bilan bir tom ostida qolib, yakuni fojia bilan tugashiga olib kelgan. Bugun yondashuv o‘zgargani aytilsa-da, amalda siljish kam. Haqiqiy xavf mavjud oilalarda yarashtirish qat’iyan man etilishi va jabrlanuvchiga darhol himoya orderi olinishida ko‘maklashilishi shart. Oilaviy mojarolarni yoshi ulug‘ nuroniylar emas, balki maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, professional ijtimoiy xodimlar hal qilishi kerak. Ular oilaning ijtimoiy-psixologik portretini tuzib, xavf darajasini ilmiy asosda baholay olishi zarur.
Xulosa o‘rnida
Oila – ikki mustaqil insonning o‘zaro hurmatiga qurilgan institutdir. Agar bu joyda hurmat o‘rnini qo‘rquv va zulm egallasa, uning shunchaki jamiyatning asossiz muhokamalaridan qochish uchungina saqlab qolinishidan ko‘ra, qonun doirasida tinchgina ajralishga borilishi ham shaxslar, ham jamiyat kelajagi uchun xavfsizroq va foydaliroqdir.





