Bank kartalari va kriptohamyon ma’lumotlarini boshqalarga berganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Bugun 09:252 daqiqa

Kiberjinoyatlardan jabrlanganlar uchun yangi reabilitatsiya tizimi joriy etilib, ularga huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Bank kartalari va kriptohamyon ma’lumotlarini boshqalarga berganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi © LegitPlayer

28-aprel kuni Qonunchilik palatasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Unda bank kartalari, elektron va kriptohamyonlar hamda ularni boshqarish imkonini beruvchi ma’lumotlarni boshqa shaxslarga noqonuniy berish holatlari uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilgan.

Loyihada axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurash tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Xususan, kiberjinoyatlarga qarshi kurashda ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlarning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Axborot xavfsizligini ta’minlash majburiyati kimning zimmasida

Hujjatga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi mazkur sohada vakolatli organ sifatida belgilanadi. Shu bilan birga, davlat idoralari, banklar, to‘lov tashkilotlari va internet-provayderlar zimmasiga axborot xavfsizligini ta’minlash, shubhali moliyaviy operatsiyalarni monitoring qilish va vakolatli organlarga tezkor axborot taqdim etish majburiyatlari yuklanadi.

Reabilitatsiya instituti

Qonun loyihasida kiberjinoyatlardan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish instituti ham joriy etilmoqda. Bu orqali fuqarolarga huquqiy maslahat berish, ularning manfaatlarini tiklash, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatish hamda moliyaviy va raqamli savodxonlikni oshirish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, shubhali tranzaksiyalarni barvaqt aniqlash va ularni tezkor to‘xtatish, profilaktika ishlarini kuchaytirish kabi yangi mexanizmlar nazarda tutilgan. Loyihada SIM-kartalar, shaxsiy akkauntlar va identifikatsiya vositalarini boshqalarga noqonuniy berish yoki ulardan foydalanish holatlari uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi. Bank va to‘lov tashkilotlari aybi bilan yuzaga kelgan zararni qoplash mexanizmi ham kiritilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar ayrim normalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirdi. Yakunda qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Teglar

Mavzuga oid