Haj–2026 mavsumi qachondan boshlanishi ma’lum qilindi

Bugun 12:472 daqiqa

Ziyoratchilarni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining «FlyAdeal» aviakompaniyasi, qaytish reyslari esa milliy aviakompaniya «Uzbekistan Airways» tomonidan amalga oshiriladi.

Haj–2026 mavsumi qachondan boshlanishi ma’lum qilindi © Uzbekistan Airports

O‘zbekistondan ziyoratchilarni Saudiya Arabistoniga yuborish 2-maydan start oladi, 18-maygacha har kuni muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Qaysi hududlardan parvozlar amalga oshiriladi

Hojilar yurtimizning 9 ta hududi – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi xalqaro aeroportlar orqali Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qiladi. Bu esa ziyoratchilar uchun qulayliklarni yanada oshiradi.

Ma’lum qilinishicha, hojilarni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining «FlyAdeal» aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Qaytish reyslari esa milliy aviakompaniya «Uzbekistan Airways» zimmasiga yuklatilgan.

Haj mavsumiga tayyorgarlik

Ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlandi;

Bo‘lg‘usi hojilarning rasmiy haj vizalari va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish yakunlandi;

Ziyoratchilarga guruh rahbarlari biriktirilib, safar oldi mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Har bir ziyoratchiga quyidagilar taqdim etilmoqda:

«Haj – buyuk ibodatdir» qo‘llanmasi;

Sumka;

Nimcha;

Termos;

Soyabon;

Sim-karta va quvvatlagich

Ayni vaqtda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan ishchi guruhlar mehmonxonalar, Mino va Arofot vodiylarida hojilar uchun munosib sharoit yaratish ustida ish olib bormoqda. Barcha infratuzilma obyektlari hojilar ehtiyojlariga mos ravishda tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida Haj amallari bo‘yicha tushuntirishlar, tavsiyalar va amaliy qo‘llanmalar e’lon qilinmoqda.

Noqonuniy haj uchun javobgarlik

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Ichki ishlar vazirligi ruxsatnomasiz Haj qilishga qarshi qat’iy jazo choralarini e’lon qilgan edi.

Xususan, bunday qoidabuzarlik uchun taxminan 5300 dollar miqdorida jarima qo‘llaniladi. Noqonuniy ziyoratchilarga yordam bergan shaxslarga esa 26 ming dollargacha jarima solinadi. Bu jazolar 18-apreldan 31-maygacha amal qiladi.

Bundan tashqari, noqonuniy ziyoratchilarni tashish, yashirish yoki ularga boshqa ko‘mak ko‘rsatish holatlari ham qattiq jazolanadi. Bunday hollarda transport vositalari musodara qilinishi mumkin.

Ruxsatnomasiz Haj qilish uchun Makkaga yashirincha kirganlar o‘z mamlakatlariga deportatsiya qilinadi va Saudiya Arabistoniga kirishlari 10 yil muddatga taqiqlanadi.Rasmiylarga ko‘ra, o‘tgan yilda 75 mingdan ortiq qoidabuzar ushlangan.

Teglar

Mavzuga oid