«Raiffeisen Bank» O‘zbekistonda kastodial bank bo‘lishni rejalashtirmoqda
Avstriyaning yirik moliyaviy guruhi O‘zbekiston kapital bozoriga kirib, mahalliy brokerlar orqali birja operatsiyalarida ishtirok etishni maqsad qilmoqda.
© internationalbanker.comAvstriyaning eng yirik va nufuzli bank guruhlaridan biri «Raiffeisen Bank International» (RBI) O‘zbekistonda kastodial bank sifatida faoliyat boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Toshkent» Respublika fond birjasi axborot xizmati xabar berdi.
Kastodial bank — bu investorlarning aktivlarini (aksiyalar, obligatsiyalar va boshqalar) saqlash va himoya qilishga ixtisoslashgan moliyaviy muassasa. U oddiy banklardek kredit bermaydi yoki depozit yig‘maydi. Asosiy vazifalari: aktivlarni xavfsiz saqlash, bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblarni ta’minlash, dividend va foizlarni yig‘ib berish, hisobot taqdim etish hamda soliq va yuridik jarayonlarda yordam berish.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 24-aprel kuni bank va birja vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan.
Uchrashuv davomida kapital bozorini rivojlantirish, zamonaviy moliyaviy yechimlarni joriy etish va xorijiy investorlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, RBI O‘zbekiston kapital bozorida vasiy sifatida ishtirok etishni ko‘rib chiqmoqda va fond birjasida mahalliy brokerlar orqali ishlashni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, tomonlar milliy kapital bozorining likvidligini oshirish, investorlar bazasini kengaytirish va qimmatli qog‘ozlar bitimlarini hisob-kitob qilish, saqlash va xizmat ko‘rsatishda eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni joriy etish bo‘yicha fikr almashdilar.
22-aprel kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki «Raiffeisen Bank International AG» (RBI) uchun milliy va xorijiy valutada vakillik hisobvaraqlari ochilganini ma’lum qilgandi.
«Bu — O‘zbekiston moliya bozorini rivojlantirish va xalqaro moliyaviy tizimga integratsiyalashuv yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir», — deyiladi regulyator xabarida.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, «Raiffeisen Bank International AG» ning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi natijasida:
— DQQ bozori rivojlanadi:
Xorijiy investorlarning davlat qimmatli qog‘ozlari ikkilamchi bozorida faol ishtiroki ta’minlanadi.
— Daromadlilik egri chizig‘i (yield curve) shakllanadi:
Ikkilamchi bozorda savdolar hajmining ortishi orqali benchmark muddatlarda daromadlilik egri chizig‘i bozor tamoyillari asosida shakllanadi.
— Uzoq muddatli resurslar barqarorlashadi:
Xorijiy kapital oqimi hisobiga iqtisodiyotda uzoq muddatli moliyaviy resurslar kengayadi.
— Pul-kredit siyosati transmissiyasi samaradorligi oshadi:
Moliyaviy instrumentlar likvidligi ortishi Markaziy bank siyosati samaradorligini oshiradi.
Ma’lumot uchun: «Raiffeisen Bank International AG» (RBI) — bu Avstriyaning eng yirik va nufuzli bank guruhlaridan biri bo‘lib, markaziy qarorgohi Vena shahrida joylashgan. Bankning tarixiy ildizlari XIX asrga, Fridrix Vilgelm Rayfayzen asos solgan kooperativ bank tizimiga borib taqaladi (nomi ham shundan olingan). Guruh dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, ayniqsa Markaziy va Sharqiy Yevropa bozorlarida faoliyat yuritadi va 18 milliondan ortiq mijozga ega. Bank markaziy depozitariylar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiyalashish imkoniyatiga ega, shuningdek, xalqaro mijozlarga vasiylik xizmatlarini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil dekabrida RBI kapital bozoridagi «tartibga solish qumdoni» loyihasi ishtirokchisiga aylangan edi. Ushbu formatda bank O‘zbekiston Respublikasi valuta birjasi va «Toshkent» Respublika fond birjasi orqali sotib olingan mahalliy qimmatli qog‘ozlarni saqlash, hisobga olish va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi sifatida faoliyat yuritishi belgilangan.





