«Telegram»da zararli dasturlarni sotish bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi

Toshkent viloyatida 2005 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan yaratilgan zararli APK dasturlarni sotish holati aniqlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Telegram»da zararli dasturlarni sotish bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi © t.me/xavfsizlik_uz

«Telegram»da zararli APK dasturlarni sotish bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zi yaratgan zararli APK dasturlarini «Telegram» messenjeri orqali sotish bilan shug‘ullangan. U ushbu dasturlarni 100 mingdan 300 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda kamida o‘n nafar foydalanuvchiga tarqatgan.

Tergov materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchi nafaqat dasturlarni sotgan, balki ularni xarid qilgan shaxslarga texnik yordam ham ko‘rsatgan. Jumladan, dasturlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha maslahat berib, ularning samarali ishlashini ta’minlashga harakat qilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur zararli dasturlar orqali boshqa fuqarolarning «Telegram» akkauntlariga ruxsatsiz kirish, telefondagi SMS xabarlarni o‘qish va hatto to‘lov tizimlaridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib olish imkoni mavjud bo‘lgan.

Aniqlanishicha, ushbu shaxs «Telegram» platformasida beshdan ortiq guruh va kanallarni boshqarib, ular orqali zararli dasturlarning imkoniyatlarini muntazam targ‘ib qilib kelgan.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchidan «Asus ExpertBook» noutbuki, “Redmi Note 10 Pro» smartfoni, qattiq disk hamda bank plastik kartalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mas’ul idoralar fuqarolarni kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilishga chaqirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid