Toshkentda do‘konli bekatlar buzilmoqda

Bugun 11:355 daqiqa

Toshkentda avtobus bekatlari hududidagi 110 ta savdo obyektini olib tashlash jarayoni boshlandi. Hokimlik qaror tekshiruvlar natijasiga asoslanganini aytmoqda, tadbirkorlar esa bundan norozi. Holatga aniqlik kiritish uchun Vaqt.uz har ikki tomon fikrini o‘rgandi.

Toshkentda do‘konli bekatlar buzilmoqda

Toshkentda avtobus bekatlari hududida joylashgan barcha savdo obyektlari bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda. Poytaxt ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar natijasida bekat majmualarida jami 110 ta savdo obyekti faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa tadbirkorlarning noroziligi aks etgan videolar tarqaldi.

Xo‘sh, shahar hokimligining bu qarorga kelishiga nima sabab bo‘ldi? Tadbirkorlar oldindan ogohlantirilganmi? Vaqt.uz holat yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida poytaxtda do‘konlari buzilayotgan tadbirkorlarga mikrofon tutdi.

Ularning ta’kidlashicha, buzish ishlari sud qarorisiz va rasmiy hujjatlar ko‘rsatilmasdan amalga oshirilgan.

«Uch kun oldin og‘zaki aytildi. Uch kundan keyin kelib, bir kun ichida buzib tashlashdi. Mollarimizni zo‘rg‘a olib chiqdik. Hech qanday sud qarorisiz, rasmiy ogohlantirishsiz kelib buzib tashlashdi. Shunga biz ham hayron qoldik. «Xat-hujjatingiz bormi, qandaydir qog‘oz bormi?», deb so‘raganimizda ham hech qanday hujjat taqdim qila olishmadi.

12 kvadrat metrga egalik hujjatimiz mavjud. Hujjatni ko‘rsatsak ham, «Biz hokimiyat orqali joy ajratamiz, keyin qaror qilamiz» deyishdi. «Avval joyni ajrating, keyin buzaylik», desak, rad etishdi», deydi tadbirkor.

Yana bir do‘kon egasi esa buzish ishlari haqida jarayon vaqtidagina xabar topganini aytdi:

«Buzish haqida faqat kelganimizda xabar topdik. Do‘konimiz Shayxontohur tumani, Nurofshon ko‘chasi, 18-A uyida joylashgan. 2020-yilda tuman hokimi qarori bilan kadastr hujjatlari berilgan. Mulkimiz rasmiy kadastr hujjatiga ega.

Ko‘chmas mulk daxlsizligi doimo O‘zbekiston Respublikasi himoyasida deb bilganmiz. Ogohlantirish berilgan taqdirda ham, buni faqat sud qarori asosida, mulk noqonuniy topilganda amalga oshiriladi, deb o‘ylagandik. Lekin amalda aksincha bo‘ldi», deydi u.

 

«Har gal bekatlar masalasi ko‘tarilganida egalik qilish yoki tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘q do‘kon-bekatlar yomonotliq qilinadi. Lekin biror marta «shu bekatlarga do‘kon qurishga ruxsat berganlar kim edi o‘zi?» degan savol ko‘tarilmaydi. Biror bir bekatga bitta budka qo‘yishga urinib ko‘rgan biladi, 15 daqiqada 15 ta nazoratchi paydo bo‘ladi. Unda yuzlab bekatlardagi do‘konlarga «ruxsat»ni kim bergan? «Javob» deb kimlar aytgan?»

Demak, balogardon do‘kon ochgan tadbirkorlar emas, o‘sha vakolatini suiste’mol qilgan vallomatlar javob berishi kerak, ular "topilmasa", hokimiyat mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olib, do‘kondorlarga boshqa joy yo kompensatsiya berishi zarur».— deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov.

 

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar natijasida bekat majmualarida jami 110 ta savdo obyekti faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan. Ulardan 61 tasi noqonuniy faoliyat yuritgani aytildi va bosqichma-bosqich buzish ishlari boshlandi. Xo‘sh, bu qarorning asosi nimadan iborat? Nimaga asoslanib buzish ishlari boshlab yuborildi?

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yildagi 111-sonli qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida jamoat transportini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlangan. Ularga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligiga qator vazifalar yuklangan va shu vazifalar doirasida ushbu ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida»gi qonunining 12-moddasida Toshkent shahridagi bekatlarni tasarruf qilish mahalliy hokimlik organlari zimmasiga yuklatilgan. Ishlar ana shu ikki qonunchilik hujjati asosida amalga oshirilmoqda», — deydi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Gulnoza Qosimova.

Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: nima sababdan «snos» masalasida tadbirkorlar oldindan ogohlantirilmagan?

Holbuki, ko‘chmas mulk noqonuniy qurilgan bo‘lsa ham, u faqat sudning qarori bilan buzilishi mumkin. Hokimlik xodimlari esa do‘kondorlarni faqat og‘zaki ogohlantirish bilan cheklangan: u ham buzish jarayoni boshlanishidan 3 kun oldin. Shu savol bilan hokimlikka murojaat qildik.

«Tadbirkorlik faoliyatini qonuniy olib borganlarga ogohlantirish oldindan, odatda 10–15 kun avval rasmiy beriladi. Sababi do‘kon ichidagi mol-mulkni olib chiqib, saqlash joyini topish uchun vaqt kerak bo‘lgadi. Ba’zi tadbirkorlar «ogohlantirish olmadik», deb norozilik bildirmoqda, ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Hech kim ogohlantirishsiz buzishga tushmagan; ishchi guruhlar kelib, tadbirkor bilan kelishib, kerakli muddatni belgilagan», — deydi Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati rahbari Gulnoza Qosimova.

Ammo hokimlik va tadbirkorlarning gapi bir joydan chiqmayapti. Hokimlik kamida 10–15 kun oldin tadbirkorlarni rasmiy hujjat bilan ogohlantirganini aytsa, fuqarolar hech qanday rasmiy hujjat yo‘qligini takidlomoqda.

Yana bir muhim savol: xo‘sh, do‘konlari buzilayotgan tadbirkorlarga kompensatsiya beriladimi?

«Hujjati bor tadbirkorlarga kompensatsiya yer maydoni shaklida beriladi, ya’ni yengil konstruksiya o‘rnatish va savdo faoliyatini davom ettirish imkoniyati bilan. Do‘kon, bekati joylashgan manzildan 100 metr radiusda yoki tadbirkorning iltimosiga ko‘ra boshqa tuman yoki massivlarda joy ajratish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Hammasi o‘zaro kelishuv bilan amalga oshiriladi.

Masalan, Shota Rustaveli ko‘chasida yo‘l bo‘yidagi do‘konlarni yuqori qismga ko‘chirishgan. Natijada tadbirkorlar faoliyatini barqaror davom ettirmoqda», — deydi hokimlik vakili.

Ma’lumotga ko‘ra, yangi bekatlar ochiq bo‘ladi, eshigi va konditsioneri bo‘lmaydi. O‘rindiq, tablo (avtobus kelish-chiqishi vaqti), SOS tugmasi, 112 xizmatini chaqirish tugmasi va kuzatuv kamerasi mavjud bo‘ladi.

«Do‘kon obyektlari Elektron-auksion orqali tadbirkorlarga taklif qilinadi. Tadbirkorlar o‘rnatilgan bekatlarni boshqarish, tozalik va qulaylikni saqlash majburiyatini oladi. Yangi va yangilanayotgan bekatlarda taktil plitkalar va panduslar ham ko‘zda tutilgan. Masalan, bunday bekat hozir Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida, Choyxona Salom ro‘parasida o‘rnatilgan va platformasi ham to‘liq yangilangan», — deydi matbuot xizmati rahbari.

Vaziyatdan kelib chiqib xulosalaydigan bo‘lsak, tadbirkorlar va hokimlik orasida bekatlardagi do‘konlarning buzilishi borasida biror-bir rasmiy kelishuv bo‘lmagan. Do‘konlarining qonuniy hujjatlari bo‘lgan tadbirkorlar ham buzilish jarayonida huquqlarining to‘liq himoya qilinmaganini ta’kidlashmoqda. Bu o‘rinda binoyidek ishlab turgan tadbirkorlarning kelgusi taqdiri nima bo‘lishi barchaga qiziq.

Voqealar rivojini Vaqt.uz saytida kuzatib boring.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 31

Barchasi

Mavzuga oid