Elektr energiyasidagi yo‘qotishlar uchun 44 ta tumanning mas’ul rahbarlari ishdan olinadi

Bugun 16:231 daqiqa

O‘zbekistonda elektr va gaz yo‘qotishlarini kamaytirish uchun rahbarlar almashtirilib, aniq KPI vazifalari belgilandi.

Elektr energiyasidagi yo‘qotishlar uchun 44 ta tumanning mas’ul rahbarlari ishdan olinadi © Президент матбуот хизмати

O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish masalasi davlat rahbari tomonidan keskin tanqid ostiga olindi. Xususan, elektr yo‘qotishlari 20 foizdan ortiq bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalari faoliyati samarasiz deb baholandi.

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

KPI ko‘rsatkichlarini belgilash

Yig‘ilishda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan rahbarlarni zudlik bilan ishdan olish va ular o‘rniga zamonaviy bilimga ega yosh mutaxassislarni tayinlash zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, elektr yo‘qotishlarini kamida ikki barobar qisqartirish bo‘yicha aniq KPI ko‘rsatkichlarini belgilash vazifasi qo‘yildi.

Bugungi kunda texnika oliygohlarida energetika yo‘nalishida 10 mingdan ortiq yuqori kurs talabalari tahsil olmoqda. Prezident ularni ishlab chiqarishga yaqinlashtirish, texnika xavfsizligiga o‘qitish va dual ta’lim asosida hududlarga yo‘naltirish muhimligini qayd etdi.

Ustoz-shogird tizimini energetika sohasida joriy qilish

«Marhamat, ustozlari shogirdini tumanga olib borsin, ishni o‘rgatsin, yo‘qotishni kamaytirish bo‘yicha yaxshi yechimlar taklif qilsa, tejalgan mablag‘ni ustoz va talabaga bonus qilib beraylik», – dedi Prezident.

Joriy yilda kamida 5 milliard kW/h elektr energiyasi va 3,5 milliard kub metr tabiiy gazni tejash shartligi belgilab berildi. Bu ko‘rsatkichlarga erishish energiya samaradorligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Teglar

Mavzuga oid