«Barcha rahbarlar ish uslubi, yondashuvi, kerak bo‘lsa, dunyoqarashini mutlaqo o‘zgartirishi zarur» — Prezident
Prezident global beqarorlik sharoitida eskicha ishlash xato ekanini ta’kidlab, bank tizimida sun’iy intellekt orqali samaradorlikni oshirishni talab qildi.
© Президент матбуот хизматиShavkat Mirziyoyev raisligida birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida global ziddiyatlar va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan bir paytda dunyo avvalgidek sokin bo‘lmasligini ta’kidladi.
«Bunday vaziyatda barcha rahbarlar o‘zi odatlanib qolgan ish uslubi, yondashuvi, kerak bo‘lsa, dunyoqarashini mutlaqo o‘zgartirishi zarur», – dedi Prezident.
Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilgan mablag‘
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda banklar orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 140 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Ayrim hududlarda bu mablag‘lar yuqori samara bergan. Xususan, Shirin shahrida har 1 milliard so‘m kredit hisobiga 20 ta, Uchquduqda 17 ta, Xonobod va So‘xda 14 tadan, Tomdi tumanida 13 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan
Past natija ko‘rsatgan hududlar
Biroq ayrim tumanlarda natijalar pastligi tanqid qilindi. Uchko‘prik, Piskent, Bo‘stonliq, Karmana va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida 1 milliard so‘m kreditga o‘rtacha atigi 3 ta ish o‘rni to‘g‘ri kelmoqda. Ta’kidlanishicha, agar mablag‘lar samarali loyihalarga yo‘naltirilganda, qo‘shimcha 36 ming ish o‘rni yaratish va yana 60 ming kishini norasmiy iqtisodiyotdan chiqarish imkoni bo‘lardi.
Prezident kredit ajratish jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, hududiy bank xodimlarini ushbu texnologiyalarga o‘qitish ishlari sust kechayotgani qayd etildi.
Sohadagi mas’ullarga tuman bank xodimlarini sun’iy intellektga o‘qitishni boshlash va banklarda «Sun’iy intellekt maslahatchisi» platformasini ishga tushirish topshirildi. Ushbu tizim tadbirkorlarga loyihalarni baholash, risklarni tahlil qilish va bozor talabini aniqlashda amaliy yordam ko‘rsatishi kutilmoqda.





