YI O‘zbekistondagi ikki kompaniyaga sanksiya qo‘lladi

Bugun 12:252 daqiqa

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi ikki sanoat kompaniyasini Rossiya harbiy sanoatiga bog‘liqlik gumoni bilan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

YI O‘zbekistondagi ikki kompaniyaga sanksiya qo‘lladi

Yevropa Ittifoqi 2026 yil 23-aprel kuni O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi ikki kompaniya — «Raw Materials Cellulose» va «Farg‘ona kimyo zavodi»ga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Qarorda ushbu korxonalarning Rossiya harbiy-sanoat kompleksi bilan ehtimoliy aloqalari qayd etilgan.

Farg‘ona kimyo zavodi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona kimyo zavodi paxta sellyulozasi ishlab chiqaradi. Ushbu mahsulot Rossiyadagi «Perm porox» va «Qozon porox» zavodlariga yetkazib beriladi. Mazkur korxonalar sellyulozadan porox va boshqa harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanishi ta’kidlanmoqda.

YI bayonotida aytilishicha, zavod harbiy texnologiyalar ta’minoti zanjirida ishtirok etish orqali Rossiyaning harbiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Shu bois, uni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishga qaror qilingan.

Manbalarga ko‘ra, Farg‘ona kimyo zavodi tadbirkor Rustam Mo‘minov nazoratida. U avvalroq, 2025 yil oktabr oyidayoq YI tomonidan sanksiyalangan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

«Raw Materials Cellulose» kompaniyasi

«Raw Materials Cellulose» kompaniyasi ham paxta sellyulozasi ishlab chiqaradi va uni Rossiyadagi harbiy korxonalarga, jumladan «Tambov porox» zavodiga yetkazib beradi. Bu mahsulot porox ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.

Shu sababli YI mazkur kompaniyani ham sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi. Qayd etilishicha, ushbu korxonalarga avvalroq Buyuk Britaniya va Ukraina tomonidan ham cheklovlar joriy etilgan.

Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat Rossiyaning harbiy-sanoat zanjirlarini cheklashga qaratilgan choralarni kuchaytirishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonga nisbatan sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi kurashish mexanizmini (anti-circumvention tool) ilk bor qo‘lladi. Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, endi Qirg‘izistonga raqamli dastur asosida boshqariladigan dastgohlar, shuningdek, marshrutizator va kommutatorlar kabi telekommunikatsiya uskunalarini eksport qilish butunlay taqiqlanadi.

Teglar

Mavzuga oid