SI qo‘rquvi va raqamli inqiroz: bir trillion sahifalik arxiv xavf ostida
Internetning «qora qutisi» hisoblangan «Wayback Machine» bugun eng katta sinovga duch keldi. Media gigantlar va SI kompaniyalari o‘rtasidagi qarama-qarshilik raqamli arxivning kelajagini xavf ostiga qo‘ymoqda.
© Фото: Timon Schneider/SOPA Images/Sipa USA/picture allianceSalkam o‘ttiz yildirki, archive.org portali raqamli ma’lumotlarni arxivlash bilan shug‘ullanib keladi. «Wayback Machine» tarkibida bir trilliondan ortiq veb-sahifa saqlanadi. Bu loyiha jurnalistlar, tadqiqotchilar va huquqshunoslar uchun o‘chirib yuborilgan yoki o‘zgartirilgan ma’lumotlarni asl holida topish imkonini beruvchi noyob vositadir. Biroq San-Fransiskodagi mazkur notijorat tashkilot jiddiy inqirozga yuz tutdi. Eng ajablanarlisi, yangi tahdid aynan ushbu arxiv xizmatiga eng ko‘p ehtiyoj sezadigan soha — OAV vakillaridan kelmoqda.
Gap shundaki, yirik media-xoldinglar internet-arxivning o‘z materiallariga kirishini tobora cheklab qo‘ymoqda. Garvard universiteti qoshidagi Niman jurnalistika jamg‘armasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, to‘qqizta mamlakatdagi kamida 241 ta yangiliklar portali, jumladan, «The Guardian», «The New York Times», «Le Monde» va AQSHning eng yirik media-konserni «USA Today» arxivning qidiruv botlarini bloklagan.
Media kompaniyalar muhim vositadan voz kechmoqda
Yaqinda aynan «USA Today» gazetasi Amerika immigratsiya xizmati (ICE) o‘z hibsxonalaridagi ma’lumotlarni tizimli ravishda yashirib kelgani haqida shov-shuvli reportaj e’lon qilgan edi. Mazkur surishtiruvga aynan «Wayback Machine» arxivi asos bo‘lgan. Qiziq holat: maqolani faqat arxiv yordamida yoza olgan kompaniya endi o‘sha arxivning o‘z materiallaridan foydalanishini taqiqlamoqdami?

Buning sababi oddiy: sun’iy intellektdan qo‘rqish. Noshirlar «OpenAI» yoki «Google» kabi gigantlar o‘z til modellarini o‘qitish uchun arxivdagi jurnalistik materiallardan ruxsatsiz va tekinga foydalanishidan xavotirda. «The New York Times» matbuot kotibi Grem Jeyms vaziyatni shunday izohladi: «Muammo shundaki, SI kompaniyalari mualliflik huquqini buzgan holda, internet-arxivdagi bizning kontentdan bizga qarshi raqobatlashish uchun foydalanmoqda».
Soniyasiga o‘n minglab so‘rovlar
Haqiqatan ham, arxivdagi media kontentlarni yig‘ish uchun mo‘ljallangan botlardan foydalanish ko‘lami keskin ortdi. «Wayback Machine» direktori Mark Gremning ta’kidlashicha, ayrim kompaniyalar arxivga soniyasiga o‘n minglab so‘rovlar yubormoqda, bu esa serverlarning ishdan chiqishiga sabab bo‘lyapti.
Archive.org bunday bosimga tayyor emas edi, chunki bu notijorat tashkilot ochiq internet g‘oyalariga tayanadi. Ularning shiori: «Barcha insonlar barcha bilimlardan erkin foydalanishi kerak». Shu sababli tashkilot botlar kirishini cheklashga majbur bo‘ldi, bu esa o‘z navbatida nashriyotlarning keskin reaksiyasiga va sanksiyalariga sabab bo‘ldi.
Raqamli huquqlarni himoya qiluvchi Electronic Frontier Foundation (EFF) tashkiloti bu holatni «nashriyotlar kutubxonalarga o‘z gazetalari nusxalarini saqlashni taqiqlab qo‘yishi»ga qiyoslamoqda.
Internet tarixi yo‘qolib ketishi mumkin
Hozirgacha 100 dan ortiq jurnalist internet-arxivni qo‘llab-quvvatlab petitsiya imzoladi. Ularning ochiq xatida ta’kidlanishicha, raqamli media muhitida maqolalar tez-tez g‘oyib bo‘ladi (havolalar ishlamay qolishi yoki kompaniyalar yopilishi sababli). Agar «Wayback Machine» bo‘lmaganida, jurnalistikaning yaqin tarixiga oid ulkan ma’lumotlar allaqachon yo‘qolib ketgan bo‘lardi.
Mark Grem «Wired» jurnaliga bergan intervyusida ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini qayta tiklash bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi. Bu jarayon qanday yakunlanishi hozircha noma’lum.
«Shunisi aniqki, ochiq internetning katta qismi tobora ko‘proq bloklanishi jamiyatning dunyomizda nimalar sodir bo‘layotganini anglash qobiliyatini cheklab qo‘yadi», — dedi u.
Veb-arxiv — ijtimoiy infratuzilmaning bir qismi
Jurnalist Martin Ferrensenning fikricha, archive.org internetdagi ochiq manbalarni saqlovchi yagona tizimdir. Uning to‘xtab qolishi og‘ir oqibatlarga olib keladi:
Vikipediyadagi millionlab havolalar o‘z asosini yo‘qotadi;
Platformalarning moderatsiya qoidalari qanday o‘zgarganini kuzatish imkonsiz bo‘ladi;
Sudda dalil sifatida ishlatiladigan raqamli hujjatlar yo‘qoladi.
Ferrensenning ta’kidlashicha, 2026 yilga kelib ham veb-arxivlash ishi faqat bitta nodavlat tashkilotga bog‘liq bo‘lib qolayotgani tizimli muvaffaqiyatsizlikdir. Unga alohida huquqiy maqom berilishi va unga ijtimoiy infratuzilma sifatida qaralishi zarur.

Internet-arxiv ilgari ham qiyinchiliklarga duch kelgan. 2024 yil sentabrdagi xakerlik hujumi va nashriyotlar bilan bo‘lgan sud jarayonlari tashkilotga katta zarar yetkazdi. Natijada 500 mingdan ortiq elektron kitob ochiq foydalanishdan olib tashlandi.
Ammo hozirgi tahdid avvalgilaridan ancha jiddiy. Bu muammoni na sud qarori, na texnik yangilanish bilan hal qilib bo‘ladi. Bu — tizimli inqiroz bo‘lib, u «Wayback Machine»ning asosiy vazifasi — internet tarixini hujjatlashtirish jarayoniga putur yetkazmoqda.





