Tim Kuk «Apple» rahbarligidan ketmoqda: Texnologiya gigantini endi kim boshqaradi?

Bugun 09:332 daqiqa

Qariyb 15 yil davomida «Apple» kompaniyasini uzluksiz boshqarib kelgan Tim Kuk bosh direktor lavozimini tark etishini e’lon qildi. Uning o‘rniga allaqachon munosib voris tayinlandi.

Tim Kuk «Apple» rahbarligidan ketmoqda: Texnologiya gigantini endi kim boshqaradi? © Getty Images (Cook); Courtesy of Apple (Ternus)

«Apple» kompaniyasining amaldagi bosh direktori Tim Kuk joriy yilning 1-sentabrida o‘z lavozimini rasman tark etadi. Uning o‘rnini hozirda apparat injiniringi (hardware engineering) bo‘limi rahbari bo‘lib ishlayotgan Jon Ternus egallaydi, deb yozmoqda Sky News.

Tim Kuk kompaniyadan butunlay ketmaydi. U ijrochi rais (executive chairman) lavozimida faoliyatini davom ettirib, dunyo bo‘ylab siyosatchilar bilan muzokaralar olib borish va kompaniyaning muhim yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

«Hayotimdagi eng katta sharaf»

1998-yilda Apple jamoasiga qo‘shilgan va marhum Stiv Jobsdan so‘ng rahbarlikni qo‘lga olgan Tim Kuk o‘zining ushbu qarori yuzasidan fikr bildirdi:

«Apple bosh direktori bo‘lish va shunday g‘ayrioddiy kompaniyani boshqarish men uchun hayotimdagi eng katta sharaf bo‘ldi. Men Apple’ni butun borlig‘im bilan yaxshi ko‘raman va shunday buyuk jamoa bilan ishlaganimdan cheksiz minnatdorman», — dedi u.

Shuningdek, Kuk o‘zining vorisi Jon Ternusni «innovator qalbiga ega bo‘lgan haqiqiy vizioner» deb ta’rifladi va kompaniya kelajagini aynan unga ishonib topshirish eng to‘g‘ri qaror ekanini ta’kidladi.

Jon Ternus kim?

Jon Ternus Apple kompaniyasida 2001 yildan beri ishlab kelmoqda. O‘zining 25 yillik faoliyati davomida u kompaniyaning eng inqilobiy mahsulotlari, jumladan barcha avloddagi iPhone va Mac qurilmalari, iPad va AirPods, Apple Watch aqlli soatlarini ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etgan:

Jon Ternus Tim Kukni o‘zining ustozi deb atab, bunday yuksak ishonch va Apple missiyasini davom ettirish imkoniyati uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. U kelajakdagi yangi marralar va yutuqlarga katta umid bilan qarayotganini qo‘shimcha qildi.

Teglar

Mavzuga oid