O‘zbekistonda dam olish kunlari ob-havo qanday bo‘ladi?
O‘zgidromet 25-26-aprel kunlari O‘zbekiston bo‘ylab kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.
© Javhar ChorshanbiyevaDam olish kunlari O‘zbekistonda havo harorati +35 darajagacha isiydi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Juma kuni kunduzi respublika bo‘ylab quruq va iliq ob-havo saqlanadi. Havo harorati asosan +24...+27 daraja atrofida bo‘lib, janubiy va cho‘l hududlarda +29...+32 darajagacha ko‘tariladi.
Dam olish kunlari respublika hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat 25-aprel — shanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimolida va Farg‘ona vodiysida ba’zi joylarda, shuningdek, 26-aprel — yakshanba kuni Toshkent viloyatida ayrim joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Shanba kuni kunduzi havo +28...+31 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +32...+35 darajagacha isiydi.
Yakshanba kuni ko‘pchilik viloyatlar bo‘yicha havo harorati ushbu darajalar atrofida bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat +20...+23 darajagacha, Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa +25...+28 darajagacha pasayadi.
24-25-aprel kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 26-aprelda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida juma kuni kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +25...+27 daraja bo‘ladi. Shanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamol tezligi sekundiga 10-12 metrgacha kuchayadi. Dam olish kunlari havo harorati +27...+30 daraja atrofida bo‘ladi. Harorat asosan kechalari +14...+17 daraja bo‘ladi.





