Banklardagi depozit stavkalari Rossiya-Ukraina urushidan buyon eng past ko‘rsatkichga tushdi

Bugun 18:353 daqiqa

O‘zbekistonda depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari so‘nggi to‘rt yillik minimumga tushdi, bir vaqtning o‘zida bozorda davlat banklarining ta’siri kuchayib bormoqda.

Banklardagi depozit stavkalari Rossiya-Ukraina urushidan buyon eng past ko‘rsatkichga tushdi © Vaqt.uz

Markaziy bank milliy valutadagi bank kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarining mart oyi uchun hisobotlarini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy valutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavkasi 18,1 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich fevral oyiga nisbatan 0,9 foiz bandiga pastlab, 2022 yil mart oyidan beri eng past daraja sifatida qayd etildi.

O‘sha yili mart oyida Rossiya-Ukraina urushi boshlanishi ortidan Markaziy bank asosiy stavkani birdaniga 14 foizdan 17 foizga ko‘targan edi. Shundan keyin depozitlar ham asosiy stavkaning ta’siri natijasida o‘sishni boshlagandi.

Aholi omonatlari bo‘yicha o‘rtacha stavka deyarli o‘zgarishsiz qoldi va 20,5 foizni tashkil etdi. Biroq bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 foiz bandiga kamayganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, korporativ depozitlar bo‘yicha stavkalar yanada keskin pasayib, 15,5 foizga tushdi.

Foiz stavkalari tushishiga qaramasdan, depozitlar hajmi o‘sishda davom etmoqda. Mart oyida jami depozitlar 12,1 trln so‘mga ko‘payib, 1-aprel holatiga 433,9 trln so‘mga yetdi. Ushbu o‘sishda asosiy hissani korporativ depozitlar qo‘shdi — ular 10 trln so‘mga oshdi, aholi omonatlari esa 2,05 trln so‘mga ko‘paydi.

Yirik banklar kesimida eng katta mablag‘ oqimi «Milliy bank», «Ipotekabank» va «Tengebank» hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, davlat banklari aholi omonatlarini jalb qilishda yanada faollashib, bozordagi ulushini oshirmoqda.

Davlat banklari ustunligi

Mart oyida aholi depozitlari o‘sishi asosan davlat ishtirokidagi banklarda kuzatildi. Jumladan, «Agrobank», «O‘zsanoatqurilishbank» va «Milliy bank»da sezilarli o‘sish qayd etildi. Bu holat davlat banklarining bozordagi pozitsiyasini yanada mustahkamlamoqda.

Aksincha, qator xususiy banklarda jismoniy shaxslar depozitlari qisqardi. «Ipotekabank», «Hamkor Bank», «TBC Bank», «Tenge Bank» va «Octobank» kabi ishtirokchilar aholidan jalb qilingan omonatlar hajmini kamaytirdi. Biroq ular korporativ mijozlar hisobidan umumiy depozit bazasini oshirishga erishgan.

Bozordagi siljish

So‘nggi ikki yilda depozit bozorida sezilarli o‘zgarish kuzatildi. Ilgari xususiy banklar aholi omonatlarini tezroq oshirgan bo‘lsa, hozirda davlat banklari yetakchilikni qo‘lga olmoqda.

2026 yil mart oyi natijalariga ko‘ra, davlat banklari aholi depozitlarini 23,44 trln so‘mga oshirgan bo‘lsa, xususiy banklarda bu ko‘rsatkich 13,3 trln so‘mni tashkil etdi.

Ikki yil avval xususiy banklar sezilarli ustunlikka ega bo‘lgan bo‘lsa, hozirda farq minimal darajagacha qisqargan.

Shu bilan birga, umumiy depozitlar hajmi bo‘yicha davlat ishtirokidagi banklar yetakchilikni saqlab qolmoqda — 221,75 trln so‘m. Xususiy banklarda esa bu ko‘rsatkich 212,2 trln so‘mni tashkil etmoqda.

Depozitlarning muddati

Muddatlar bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatadiki, eng katta ulush uzoq muddatli — 1 yildan ortiq depozitlarga to‘g‘ri kelib, 163 trln 436 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, talab qilib olinguncha depozitlar 125 trln 575 mlrd so‘mni, 180–365 kunlik depozitlar 67 trln 956 mlrd so‘mni tashkil qildi.

1

Hududlar kesimida

Hududlar kesimida mutlaq ustunlik Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 332 trln 335 mlrd so‘m yoki jami depozitlarning 76,5 foizi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (12,5 trln so‘m), Buxoro (11,5 trln so‘m), Xorazm (11,4 trln so‘m) va Qashqadaryo (8,8 trln so‘m) viloyatlari joylashgan.

2

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida banklarda biznes pullari kamayib, aholi omonatlari ko‘payayotganligi haqida xabar bergan

Teglar

Mavzuga oid