add

Imi-jimida tasdiqlangan budjet: 41 trln so‘m mablag‘ qayerga sarflandi?

Bugun 17:257 daqiqa

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yil byudjeti xarajatlarining 41 trln so‘mga oshirilishi jamoatchilik ko‘zidan yashirincha tasdiqlandi, ammo qo‘shimcha mablag‘larning to‘liq taqsimoti va qaror qabul qilish jarayoniga oid ochiq ma’lumotlar hanuzgacha savollar uyg‘otmoqda.

Imi-jimida tasdiqlangan budjet: 41 trln so‘m mablag‘ qayerga sarflandi?

Qonunchilik palatasi 2025 yil byudjeti uchun xarajatlarning 41 trln so‘mga oshishini hech qanday translyatsiya va xabarlarsiz tasdiqlagan. Bu haqda Gazeta.uz xabar topgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi parlament deputatlariga budjet xarajatlarining nima sababdan keskin oshgani, tuzatishlar qanday ko‘rib chiqilgani va qabul qilingani yuzasidan rasmiy manbalarda ma’lumot ochiqlamagan.

Ma’lum bo‘lishicha, hujjat 2026 yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti va soliq siyosati to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqilgan kunlarda, ya’ni 3–5-dekabr kunlari muhokama qilingan. Ammo bu haqda ma’lumotlar parlament saytiga joylashtirilmagan.

18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Senatning 12-yalpi majlisida «2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Qonun muhokama etilayotgani ma’lum bo‘lgan.

Tartibga ko‘ra, qonun loyihalari avvalo Qonunchilik palatasida uch o‘qishda ko‘rib chiqilib, shundan so‘ng parlamentning yuqori palatasi — Senatga yuborilishi kerak.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham yil davomida budjet xarajatlarini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni parlament muhokamasiga chiqarmagan, qo‘shimcha xarajatlarning zarurligiga oid ma’lumotlarni deputatlarga taqdim etmagan. Davlat byudjetiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi loyiha yil oxirida Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, yil tugashiga bir necha kun qolganda belgilangan ortiqcha va allaqachon ishlatilgan xarajatlarni parlamentga tasdiqlatish yangilik emas. Ammo yashirincha tasdiqlatib olish — avval kuzatilmagan hodisa.

Ma’lumot uchun, 2024 yil yakunida davlat organlari va tashkilotlarining xarajatlari qonunda belgilanganidan qariyb 10 trln so‘mga oshib ketgan. Bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar miqdori esa 2 trln so‘mga kamaytirilgan. Natijada, 2024 yilda davlat byudjeti xarajatlari 255,4 trln so‘mdan 265,4 trln so‘mga ko‘paygan. 2024 yilda tuzatishlarni ko‘rib chiqish Qonunchilik palatasida 9 daqiqa davom etgan va hech qanday savollarsiz deputatlar tomonidan ma’qullangan.

Bu hali hammasi emas. 2023 yilda ham yil yakuniga 15 kun qolganda davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun o‘zgartirilgan edi. Deputatlar umumiy budjet taqchilligi chegarasini YAIMga nisbatan 3 foizdan 5,5 foizga, yillik tashqi qarz chegarasini esa 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha oshirishni ma’qullashgan. Bu qaror 20 daqiqa ichida tasdiqlab berilgan.

 

41 trln so‘m mablag‘ qayerga sarflandi?

2025 yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish masalasi Senat yalpi majlisida budjet-iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev tomonidan ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda jahon iqtisodiyotida o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi, oziq-ovqat va energiya resurslari narxlarining oshishi, shuningdek, global moliya bozorlarida foiz stavkalarining ko‘tarilishi davlat byudjeti siyosatini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Shu sharoitda inflatsiya bosimini yumshatish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Dastlab 2025 yil uchun YAIM o‘sishi 6 foiz darajasida rejalashtirilgan bo‘lsa, yil yakuni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa davlat byudjeti daromadlarining ham sezilarli oshishiga xizmat qilmoqda.

Xususan, 2024 yilga nisbatan foyda solig‘i tushumlari 30 foizga, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 26 foizga, qo‘shilgan qiymat solig‘i 25 foizga va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 17 foizga oshishi prognoz qilinmoqda.

Davlat byudjetidan mablag‘ ajratishning cheklangan miqdori 281,16 trln so‘mdan 322,5 trln so‘mni tashkil qilmoqda. Ya’ni, qo‘shimcha qariyb 41 trln so‘m turli ijtimoiy va iqtisodiy yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.

Eng katta ulush aholi turmush darajasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlarga to‘g‘ri keladi. Jumladan, ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni oshirish uchun qo‘shimcha 5,8 trln so‘m ajratilgan. 2025 yil 1-iyuldan pensiya va nafaqalar 10 foizga, 1-avgustdan budjet tashkilotlari xodimlari ish haqi va stipendiyalar 10 foizga oshirilgan. Ushbu maqsadlar uchun jami 5,3 trln so‘m yo‘naltirilgan.

Shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktablari xodimlarining ish haqlarini oshirish uchun 79 mlrd so‘m, madaniyat muassasalari xodimlari uchun esa qo‘shimcha 298 mlrd so‘m ajratilgan. Milliy statistika qo‘mitasi xodimlarining mehnatga haq to‘lash shartlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq xarajatlarga 76 mlrd so‘m sarflangan.

Prezidentning 2025 yil 3-martdagi qaroriga muvofiq, ijtimoiy soha muassasalari hamda ko‘p kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish uchun 2,7 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar, ayniqsa, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash doirasida sog‘liqni saqlash sohasiga ham qo‘shimcha mablag‘lar ajratilmoqda:

  • tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash uchun 435 mlrd so‘m;

  • sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash uchun 311 mlrd so‘m.

  • «Kambag‘allik va farovonlik sari» dasturi uchun 2025 yilda belgilangan 3,2 trln so‘mdan tashqari yana 1,6 trln so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

  • Qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 3,6 trln so‘m ajratiladi. Xususan, paxta xomashyosi uchun berilayotgan subsidiyalar hamda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 308 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar hajmi 59,2 trln so‘mdan 59,9 trln so‘mga yetkaziladi. Bundan tashqari, maktabgacha va umumta’lim muassasalarini qurish va jihozlash uchun qariyb 192 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

  • Shuningdek, markazlashgan investitsiya loyihalari va hududlar infratuzilmasini rivojlantirish uchun 5,8 trln so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga qaramay, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmaydi va avval tasdiqlangan parametrlar doirasida saqlanib qoladi.

Senatdagi muhokamalarda qo‘shimcha xarajatlarning 26 trln so‘mga teng yo‘nalishlari sanab o‘tilgan. Qolgan 15 trln so‘m qanday taqsimlangani aniqlashtirilmagan.

 

Iqtisodchilar nima deydi?

Iqtisodchi jurnalist Bahodir Abdullayevning yozishicha, byudjetning nafaqat taqchilligiga, balki xarajatlarning o‘zgarishiga nisbatan ham cheklovchi qoidalar joriy etilishi maqsadga muvofiq. Bu kuchli tebranuvchan daromad va xarajatlarning barqarorlik va samaradorlikka ta’sirini yumshatadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa masalaning boshqa tomoniga e’tibor qaratgan. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda budjet taqchilligiga nisbatan fiskal qoidalarni ishlab chiqish masalasi bir necha yildan beri muhokama qilib kelinmoqda. Biroq masalaga faqat taqchillik doirasida qarash muammoning to‘liq manzarasini ochib bermaydi.

Uning fikricha, asosiy xatar nafaqat xarajatlarda, balki daromadlarning shakllanishida ham yashiringan. Xususan, oltin va mis kabi xomashyo resurslari jahon bozorida qimmatlashgan davrlarda davlat byudjetiga qo‘shimcha tushumlar kelib tushadi. Bunday sharoitda tizimdagi institutsional zaiflik va intizom yetishmasligi ortiqcha daromadlarni oqilona boshqarish o‘rniga, ularni tez va nazoratsiz o‘zlashtirishga moyillikni kuchaytiradi.

Otabek Bakirovning qayd etishicha, agar aniq cheklovlar va ishlaydigan mexanizmlar bo‘lmasa, har qanday qo‘shimcha mablag‘ga mos ravishda «loyiha» ham topiladi.

Shuningdek, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev ham xarajatlar o‘sishining potensial xatarlariga e’tibor qaratgan. Uning ta’kidlashicha, qulay tashqi sharoitlar — xususan, oltin va boshqa xomashyo narxlarining yuqori bo‘lishi — qisqa muddatda budjet daromadlarini oshirishi mumkin. Ammo bu holat xarajatlarni doimiy ravishda kengaytirish uchun barqaror asos bo‘la olmaydi.

«Daromadlarning pasayishi fonida oshib ketgan xarajatlarni qisqartirish eng og‘riqli jarayon hisoblanadi. Qisqartirishlardan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami eng katta zarar ko‘rishi mumkin», — deb yozmoqda Xolboyev.

Bundan tashqari, xarajatlarning tez o‘sishi inflyatsion bosimni kuchaytiradi, real valuta kursining mustahkamlanishiga olib keladi va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini pasaytiradi. Eng katta xavf esa shundaki, xomashyo narxlari pasaygan taqdirda daromadlar keskin qisqaradi, ammo avval oshirib yuborilgan xarajatlarni qisqartirish juda og‘riqli jarayonga aylanadi.

Bunday vaziyatda fiskal siyosat orqali iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari cheklanadi, davlat qarziga bosim ortadi va iqtisodiy pasayish chuqurroq hamda uzoqroq davom etishi mumkin. Shu bois, yuqori daromadlar davrida ularni to‘liq xarajatga yo‘naltirish emas, balki jamg‘arish va ehtiyot mexanizmlarini kuchaytirish muhim.

«Musiqa to‘xtaganda» o‘zimizni yaxshiroq his qilishimiz uchun hozirdan shu shart-sharoitga tayyorgarlik ko‘rilishi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lar edi, — deydi Xolboyev.

Eslatib o‘tamiz, 25-dekabr kuni O‘zbekistonda 2026 yil uchun Davlat byudjeti rasman tasdiqlandi. Jumladan, mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun ijara to‘lovlarining eng kam stavkalari belgilandi. 

Bundan tashqari, chet davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirishi va mamlakat orqali tranziti uchun undiriladigan yig‘imlar stavkalari ham tasdiqlandi. Mazkur choralar tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish, infratuzilma xarajatlarini qoplash va davlat daromadlarini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mazkur Qonun 2026 yil 1-yanvardan kuchga kiradi va yil davomida budjet siyosati uchun asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 26

Barchasi

Mavzuga oid