add

2026 yil uchun Davlat byudjeti tasdiqlandi

Bugun 10:354312 daqiqa

Prezident 2026 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Yangi qonun bilan 2026 yil uchun budjet siyosatining asosiy parametrlari, taqchillik chegarasi va bir qator moliyaviy stavkalar belgilandi.

2026 yil uchun Davlat byudjeti tasdiqlandi

O‘zbekistonda 2026 yil uchun Davlat byudjeti rasman tasdiqlandi. «2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi O‘RQ–1105-sonli Qonun 2025 yil 25-dekabr kuni qabul qilindi.

Hujjat 2026 yil uchun mamlakatning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishni nazarda tutadi.

Qonunga muvofiq, respublika byudjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘lardan 1-darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar faqat 2026 moliya yili davomida foydalanishi mumkin. Mazkur mablag‘larni keyingi moliya yiliga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu norma budjet intizomini kuchaytirish va mablag‘lardan maqsadli foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.

2026 yil uchun qator muhim moliyaviy ko‘rsatkichlar ham tasdiqlandi. Jumladan, mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun ijara to‘lovlarining eng kam stavkalari belgilandi. Shuningdek, ayrim tovar turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning cheklangan stavkalari ham qonun darajasida mustahkamlandi.

Bundan tashqari, chet davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirishi va mamlakat orqali tranziti uchun undiriladigan yig‘imlar stavkalari ham tasdiqlandi. Mazkur choralar tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish, infratuzilma xarajatlarini qoplash va davlat daromadlarini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qonunga ko‘ra, 2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi darajasida belgilandi. Bu ko‘rsatkich davlat moliyasi barqarorligini saqlash hamda makroiqtisodiy xavflarni cheklashga qaratilgan.

Mazkur Qonun 2026 yil 1-yanvardan kuchga kiradi va yil davomida budjet siyosati uchun asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq budjet xarajatlari ustidan nazorat kuchaytirilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid