
O‘zbekiston kapital bozori: 284 trln so‘m kapitalizatsiya, ammo real savdo atigi 4 trln so‘m
2025-yil oxirida O‘zbekiston aksiyalar bozori kapitalizatsiyasi rekord darajaga yetdi, ammo free float pastligi sabab real savdo hajmlari bozor imkoniyatlarini to‘liq ochib bermayapti.

2025 yil dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston kapital bozori rasmiy statistikada yirik ko‘rsatkichlarga erishgan. Qimmatli qog‘ozlar Markaziy depozitariysi ma’lumotlariga ko‘ra, aksiyalar bozorining umumiy kapitalizatsiyasi 284,6 trln so‘mni tashkil etgan, aksiyadorlar soni esa 1 milliondan oshgan. Bir qarashda bu raqamlar bozor shakllanib, barqaror ishlayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Biroq kapital bozorining mavjudligi bilan uning amalda ishlashi o‘rtasida jiddiy tafovut saqlanib qolmoqda.
Bozorning real faolligini belgilab beruvchi asosiy ko‘rsatkich — free float, ya’ni ochiq savdoga chiqarilgan aksiyalar ulushidir. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aksiyalar bozorida real savdoga chiqishi mumkin bo‘lgan aksiyalar qiymati atigi 4,04 trln so‘mni tashkil etadi. Bu umumiy kapitalizatsiyaning taxminan 1,4 foiziga teng. Amalda bu bozor qiymatining mutlaq katta qismi aylanmada ishtirok etmaydigan, sotuvga chiqarilmagan aksiyalar hisobiga shakllanganini anglatadi.
Bunday tuzilma bir qator oqibatlarni keltirib chiqaradi. Yirik bitimlar narxlarga nomutanosib ta’sir ko‘rsatadi, baholash mexanizmi bozor talab-taklifiga emas, alohida operatsiyalarga bog‘lanib qoladi. Institutsional investorlar uchun esa bozorga kirish ham, undan chiqish ham qiyinlashadi. Natijada aksiyalar bozori yirik kapital uchun de-fakto yopiq muhitga aylanib qolmoqda.
Xalqaro amaliyotda aksiyalar bozorining samarali ishlashi uchun free float ulushi odatda kamida 15–25 foiz bo‘lishi talab etiladi. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, O‘zbekistondagi joriy ko‘rsatkich nafaqat past, balki bozor rivojini cheklab qo‘yayotgan strukturaviy omil sifatida namoyon bo‘ladi. Qo‘shimcha ravishda, aksiyalar kapitalizatsiyasining yalpi ichki mahsulotga nisbati taxminan 24 foizni tashkil etadi, holbuki rivojlangan va faol bozorlarda bu ko‘rsatkich 60–120 foiz oralig‘ida bo‘ladi.
2025 yil dekabr oyida kapital bozoridagi savdo faolligi asosan korporativ obligatsiyalar hisobiga ta’minlandi. Ularning umumiy chiqarilishi 3,94 trln so‘mni, joylashtirilgan qismi esa 3,3 trln so‘mni tashkil etdi. Aksiyalar segmenti esa barqaror institutsional talab shakllanmagan, ikkilamchi rolda qolmoqda. Bu esa bozor o‘sish kapitaliga emas, qarz instrumentlariga tayanayotganini ko‘rsatadi.
Free float pastligi davlat va strategik aksiyadorlar ulushining yuqoriligi, nazorat paketlarining sotuvga chiqarilmagani, shuningdek, pensiya va investitsiya fondlari kabi uzoq muddatli investorlar qatlamining yetarlicha rivojlanmagani bilan izohlanadi. Natijada aksiyalar kapitalizatsiyada aks etadi, ammo bozor chuqurligi va likvidlik shakllanmaydi.
2025 yil yakunidagi manzara O‘zbekiston kapital bozori qog‘ozda yirik, ammo amaliy jihatdan tor ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Muammo savdo sessiyalarida emas, balki bozor tuzilmasida. Agar keyingi bosqichda ochiq savdoga chiqariladigan aksiyalar ulushi oshirilmasa, bozor raqamlarda o‘sishni ko‘rsataveradi, ammo investor ishonchi, likvidlik va narx shakllanishi nuqtai nazaridan to‘liq ishlaydigan tizimga aylana olmaydi.
G.Bozorova tayyorladi.




