Logo

«Imtiyozli abituriyentlar ichida eng yuqori natijani xotin-qizlar ligotasi bilan kirganlar tashkil qildi» — vazir o‘rinbosari

Bugun 13:552 daqiqa

Vazirlik mulozimi milliy sertifikat tizimiga to‘xtalib, u testga qaraganda murakkabroq ekanini aytdi.

«Imtiyozli abituriyentlar ichida eng yuqori natijani xotin-qizlar ligotasi bilan kirganlar tashkil qildi» — vazir o‘rinbosari

O‘qishga imtiyoz bilan kirganlar ichida eng yuqori natijani xotin-qizlarga ajratilgan kvota bilan talaba bo‘lganlar tashkil qilmoqda. Bu haqda 18-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida 2026–2027-o‘quv yili uchun oliy talim muassasalariga qabul jarayonlarining yakuniy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida vazirning birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi.

Matbuot anjumanida Vaqt.uz muxbiri imtiyozli kvotalar sabab ayrim toifalar, jumladan harbiylar farzandlari 57 ball bilan ham davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinayotgani, 150–160 ball to‘plagan imtiyozsiz abituriyentlar esa o‘qishga kira olmayotganini aytib, vazirlikni savolga tutdi.

«To‘g‘ri, imtiyozli kvotalar asosiy kvotadan alohida shakllantiriladi. Biroq oliygohni tugatayotgan har bir bitiruvchining yetarli bilim va malakaga ega bo‘lishi qay darajada ta’minlanmoqda? Shu nuqtai nazardan, e’tiborni faqat kirish jarayoniga emas, balki o‘qishni bitirish jarayonidagi nazorat va imtihonlarga qaratish kerakdir?» — dedi jurnalist.

Vazirlik mulozimi esa milliy sertifikat tizimiga to‘xtalib, u o‘zi test tizimiga qaraganda murakkabroq ekanini urg‘uladi. Uning aytishicha, shu paytgacha milliy sertifikat bilan maksimal ball olib, o‘qishga kirgan talabalarning 60 foizga yaqini a’lo bahoga o‘qiyapti. Yaxshi baholarga o‘qiyotganlar soni 40 foizga yaqin. Juda ozchilik qismi esa yaxshi o‘qimayapti.

«Endi u yerda har xil obyektiv, subyektiv sabab bo‘lishi mumkin, ya’ni talabaning oilasida nimadir muammo bo‘lgan yoki u ishlayotgan bo‘lishi mumkin va hokazo. Talabaning o‘zlashtirishiga ham bog‘liq. Lekin biz ko‘rganimizda haydalib ketganlar soni, ya’ni milliy sertifikat bilan, umuman maksimal ball olib kirganlar orasida juda ham kam», — deydi Rajabov.

2026–2027-o‘quv yilida bakalavriat talim yo‘nalishlari bo‘yicha jami qabul kvotasi 201 ming 719 tani tashkil etdi. Bu o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 6392 taga ko‘p. Shundan 155 ming 852 tasi kunduzgi, 28 ming 942 tasi kechki va 16 ming 925 tasi masofaviy ta’lim shakliga to‘g‘ri keladi. Davlat granti asosida qabul qilish imkoniyatlari ham kengaytirilib, bakalavriat uchun 36 ming 23 ta grant o‘rni ajratildi.

Vazirlikka ko‘ra, qabul parametrlarini shakllantirishda mamlakat iqtisodiyoti va mehnat bozorining ehtiyojlari bilan bir qatorda ustuvor va istiqbolli sohalarga bo‘lgan talab ham inobatga olingan. Xususan, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari 35 foizga oshirilgan.

Bu yil abituriyentlar eng ko‘p tanlagan oliy ta’lim muassasalari qatorida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti yetakchilik qildi.

Teglar

Mavzuga oid