Logo

Paynet GoInvest’ning asosiy aksiyadoriga aylandi

Bugun 11:541 daqiqa

Paynet’ning sho‘’ba korxonasi FurtherIT GoInvest ustav kapitalining 33,14 foiziga egalik qilmoqda. Bu kompaniyadagi eng katta ulush, biroq hozircha 50 foizdan oshadigan nazorat paketi emas. Bitim qiymati ochiqlanmagan.

Paynet GoInvest’ning asosiy aksiyadoriga aylandi © sun'iy intelekt

Paynet aksiyalar savdosiga mo‘ljallangan GoInvest platformasi kapitaliga kirdi. Bu haqda Skartariss Telegram-kanali xabar berdi.

Paynet’ga qarashli FurtherIT GoInvest’ning nazorat paketini sotib olgan. Biroq Paynet va GoInvest hozircha bitimning summasi, sotib olinayotgan aniq ulush hamda jarayon yakunlangan yoki yakunlanmagani haqida rasmiy ma’lumot bermagan.

Biznes registrining 15-avgustdagi ma’lumotlarida FurtherIT GoInvest’ning 33,14 foiz ulushi bilan eng yirik ta’sischisi sifatida ko‘rsatilgan. KAPITAL-DEPOZIT’ga 29 foiz, qolgan 37,86 foiz esa uch nafar jismoniy shaxsga tegishli.

Taqqoslash uchun, yil boshidagi ochiq ma’lumotlarda GoInvest’ning 70 foizi KAPITAL-DEPOZIT, qolgan 30 foizi esa ikki nafar jismoniy shaxsga qarashli edi. Kompaniya 22-iyul kuni qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ustav kapitali esa 1 mlrd so‘mdan 14,2 mlrd so‘mgacha oshirilgan. Biroq bu summa xarid qiymatini anglatmaydi.

GoInvest orqali foydalanuvchilar O‘zbekiston fond bozoridagi aksiyalar bilan savdo qilishi mumkin. Platformaning Android va iOS uchun mobil ilovalari mavjud, brokerlik xizmatlarini esa KAPITAL-DEPOZIT ko‘rsatadi.

Xarid Paynet’ning to‘lov xizmatlaridan tashqari chakana investitsiyalar bozoriga ham kirayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, Paynet 2025 yil boshida Humo to‘lov tizimini 65 mln dollarga sotib olgandi.

Teglar

Mavzuga oid