Logo

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari chetga yuborilganidan 7 baravar ko‘p bo‘ldi

Bugun 18:403 daqiqa

2026-yilning birinchi yarmida chet eldan 9,3 mlrd dollar pul o‘tkazildi, mamlakatdan xorijga yuborilgan mablag‘ esa 1,3 mlrd dollarni tashkil etdi. O‘tkazmalar 13 foizga, xorijga yuborilgan mablag‘lar esa 8 foizga oshgan.

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari chetga yuborilganidan 7 baravar ko‘p bo‘ldi

2026-yil yanvar-iyun oylarida chet eldan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga yoki 1,1 mlrd dollarga oshib, 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning 2026-yil I yarim yilligi bo‘yicha jismoniy shaxslarning valuta operatsiyalari sharhida keltirilgan.

Hisob-kitobga ko‘ra, shu davrda O‘zbekistondan xorijga yuborilgan pul o‘tkazmalari esa 8 foizga yoki 100 mln dollarga ko‘payib, 1,3 mlrd dollarga yetgan.

Shunday qilib, mamlakatga kirib kelgan va xorijga chiqib ketgan pul o‘tkazmalari o‘rtasidagi farq 8 mlrd dollarni tashkil etdi. Ya’ni O‘zbekistonga kelgan har 1 dollar pul o‘tkazmasiga xorijga yuborilgan qariyb 14 sent to‘g‘ri kelgan.

Pul oqimining asosiy sababi — migrantlar daromadi

Markaziy bankka ko‘ra, pul o‘tkazmalari o‘sishiga mehnat migrantlari ishlayotgan an’anaviy mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolgani ta’sir ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, milliy valutalar kurslari yil boshidan buyon mo‘tadil tebrangan bo‘lsa-da, umumiy hisobda mustahkamlangan. Bu ham O‘zbekistonga yuborilayotgan mablag‘lar hajmining oshishiga ta’sir qilgan.

Pul oqimlarining geografiyasida ham o‘zgarish davom etmoqda. O‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun an’anaviy yo‘nalishlardan tashqari rivojlangan davlatlarning ahamiyati ortib bormoqda. Xususan, yilning dastlabki olti oyida Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga yuborilgan mablag‘lar hajmi 62 foizga oshgan. Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan kelgan pul o‘tkazmalari 27 foizga ko‘paygan.

YI mamlakatlari ichida Irlandiyadan o‘tkazmalar 86 foizga, Litvadan 18 foizga, Niderlandiyadan esa 7 foizga oshgan. AQSHdan kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi ham 19 foizga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkichlar tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasi asta-sekin diversifikatsiyalanayotganini ko‘rsatadi.

Pulning yarmidan ko‘pi P2P orqali kelmoqda

Pul o‘tkazmalarining qanday kanallar orqali amalga oshirilayotganida ham sezilarli o‘zgarish kuzatilgan.

2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan 9,3 mlrd dollarning:

●     4,3 mlrd dollari yoki 46,7 foizi an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali kelgan;

●     4,8 mlrd dollari yoki 51,7 foizi xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri P2P o‘tkazmalari orqali tushgan;

●     142 mln dollari yoki 1,6 foizi SWIFT bank o‘tkazmalari orqali amalga oshirilgan.

Eng tez o‘sayotgan kanal aynan P2P bo‘lgan. Bir yil ichida ushbu yo‘nalish orqali kelgan mablag‘lar hajmi 32 foizga oshgan.

Aksincha, an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali kelgan mablag‘lar atigi 0,3 foizga ko‘paygan. SWIFT orqali amalga oshirilgan o‘tkazmalar esa 43 foizga kamaygan.

Markaziy bank P2P o‘tkazmalar ulushining ortishini raqamli to‘lov xizmatlarining ommalashuvi, mablag‘larni tezkor yuborish imkoniyati va tranzaksiya xarajatlarining nisbatan pastligi bilan izohlagan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil I choragida mobil o‘tkazma xalqaro pul o‘tkazmasini moliyalashtirishning eng arzon usuli bo‘lgan va uning o‘rtacha xarajati 3,6 foizni tashkil qilgan.

O‘zbekistondan xorijga 1,3 mlrd dollar yuborildi

Hisobot davrida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari ham oshgan. Yanvar-iyun oylarida mamlakatdan xorijga 1,3 mlrd dollar yuborilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foiz yoki 100 mln dollarga ko‘p.

Biroq chiqib ketgan mablag‘lar hajmi mamlakatga kelgan pul o‘tkazmalaridan ancha past bo‘lib qolmoqda. 9,3 mlrd dollarlik tushumga nisbatan 1,3 mlrd dollarlik chiqim hisobga olinsa, O‘zbekistonning jismoniy shaxslar pul o‘tkazmalari bo‘yicha sof oqimi taxminan 8 mlrd dollarни tashkil etgan.

O‘zbekiston global pul oqimining bir qismi

Markaziy bank sharhida xalqaro pul o‘tkazmalari rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muhim tashqi moliyalashtirish manbalaridan biriga aylanayotgani ham qayd etilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda xalqaro migrantlarning katta qismi yuqori daromadli mamlakatlarda jamlangan. So‘nggi o‘n yil ichida past va o‘rta daromadli mamlakatlarga yuborilgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 5,5 trln dollardan oshgan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yildan boshlab rivojlanayotgan mamlakatlarga kelayotgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdoridan ham oshgan.

Hindiston esa 2025-yilda 151 mlrd dollar pul o‘tkazmasini qabul qilib, dunyodagi eng yirik mablag‘ oluvchi mamlakat bo‘lib qolgan. Undan keyingi o‘rinlarda Meksika, Filippin, Misr, Pokiston va Bangladesh turadi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari chetga yuborilganidan 7 baravar ko‘p bo‘ldi | Vaqt.uz