Logo

O‘zbekiston chetdan benzin olib kelishni keskin ko‘paytirdi. Bu narxlarni o‘sishdan to‘xtatmayapti

Bugun 21:174 daqiqa

Mamlakat yil boshidan beri 710 mln litr benzin import qilib, buning uchun 426 mln dollar sarfladi. Import hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53,8 foizga, uning qiymati esa 60,8 foizga oshgan. Shu paytda benzin narxlari ham ketma-ket ikki oy sezilarli qimmatladi.

O‘zbekiston chetdan benzin olib kelishni keskin ko‘paytirdi. Bu narxlarni o‘sishdan to‘xtatmayapti

O‘zbekiston 2026 yilning yanvar-iyul oylarida 946,7 mln dollarlik neft va neft mahsulotlarini import qildi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2025 yilning shu davridagidan 153,1 mln dollarga yoki 19,3 foiz ko‘p.

Jami xarajatning qariyb 45 foizi benzin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bir yil oldin bu ulush 33,4 foiz edi. Demak, neft mahsulotlari importi nafaqat oshgan, balki uning tarkibi ham benzin tomon keskin siljigan.

tg_image_3587474689

Benzin importiga sarflangan mablag‘ning o‘zi 161,2 mln dollarga ko‘paygan. Bu barcha neft mahsulotlari bo‘yicha jami o‘sishdan ham 8 mln dollar ko‘p. Farq mazut importi 89,1 mln dollar, kerosin importi esa 26,3 mln dollar qisqargani hisobiga qoplangan.

Suyultirilgan propan importi ham keskin oshgan: uning hajmi 71,4 ming tonnadan 183,4 ming tonnaga, qiymati 29,3 mln dollardan 105,4 mln dollargacha ko‘paygan. Demak, tashqi ta’minotga qo‘shimcha talab faqat benzinda kuzatilmayapti.

Import qilingan benzinning o‘rtacha bojxona qiymati bir litr uchun 57,4 sentdan 60 sentga ko‘tarilgan — o‘sish 4,6 foiz. Ya’ni import hajmi va unga sarflangan umumiy mablag‘ keskin oshgan bo‘lsa-da, bitta litrning o‘rtacha bojxona qiymatidagi o‘sish nisbatan mo‘’tadil bo‘lgan.

Ichki ishlab chiqarish oshgan, lekin import undan tezroq o‘smoqda

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yirik korxonalar 2026 yilning birinchi yarmida 614,2 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqargan. Bu bir yil oldingidan 6 foiz ko‘p.

Ammo shu davrda xom neft qazib olish 3,1 foizga, gaz kondensati ishlab chiqarish esa 19,7 foizga kamaygan. Demak, qayta ishlash quvvatining o‘zi yetarli bo‘lishi xomashyo va tayyor mahsulot ta’minoti barqarorligini kafolatlamaydi.

6 oylik ishlab chiqarish 6 foiz oshgan bir paytda 7 oylik benzin importi 53,8 foizga ko‘paygan. Bu importning ichki ta’minotdagi roli kattalashayotganini ko‘rsatadi.

Bozor tarkibi ham o‘zgardi. «O‘zbekneftgaz» 2025 yil 2-sentabrdan AI-80 benzinini birja orqali sotishni to‘xtatgandi, AI-92 ning kunlik savdo hajmini esa 1 ming tonnadan 1,72 ming tonnaga oshirdi. Past oktanli benzindan voz kechish AI-92 ta’minoti va narxini bozor uchun yanada muhim ko‘rsatkichga aylantirdi.

Rossiya orqali benzin kelishi qisqardi

O‘zbekiston benzin importida Rossiya muhim o‘rin tutadi. «Kommersant» ma’lumotlariga tayangan xabarga ko‘ra, 2025 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga temiryo‘l orqali 510 ming tonna benzin yuborilgan. O‘zbekiston Rossiya benzinining eng yirik xaridorlaridan biri bo‘lgan.

2026 yilda esa Rossiyaning o‘zida vaziyat keskinlashdi. Neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar va rejadan tashqari to‘xtashlar ichki bozorda taqchillikni kuchaytirdi. Reuters hisobiga ko‘ra, iyunda Rossiyadan Markaziy Osiyo va Afg‘onistonga temiryo‘l orqali benzin yetkazib berish bir oyda 34 foizga — 99,3 ming tonnagacha qisqargan.

Rossiya hukumati 30-iyulda benzin eksportiga yangi vaqtinchalik taqiq joriy qildi. Qaror 2026 yil 1-avgustdan 2027 yil 31-yanvargacha amal qiladi.

Ammo hukumatlararo bitimlar doirasidagi yetkazib berish taqiqdan mustasno. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo bitim 2023 yilda imzolangan.

28-iyun kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak kompaniyalar bunday bitimlar doirasida xorijga benzin jo‘natishda davom etayotganini, hajmlar esa Rossiya ichki bozoriga zarar yetkazmaslik uchun alohida kelishilishini aytgan.

Narxlar bojxona qiymatidan tezroq oshdi

Ichki bozordagi qimmatlashish import statistikasidan keskinroq. Milliy statistika qo‘mitasi iyulda benzin narxlari o‘rtacha 4,8 foizga oshganini qayd etdi. AI-92 bir oyda 3,9 foizga, AI-95 — 8,5 foizga, AI-98 va AI-100 esa 10 foizga qimmatlagan. Hisob-kitob 886 ta savdo obyektidagi 26 mingdan ortiq narx kotirovkasiga asoslangan.

tg_image_979863214

Bir oy oldin ham benzin o‘rtacha 3,9 foizga qimmatlagandi. Birjada esa AI-92 ning bir tonnasi 1-iyulda rekord darajadagi 13,96 mln so‘mga chiqdi. Bu oy boshidagidan 12 foiz yuqori. Qimmatlashish oyning ikkinchi yarmida birjaga chiqarilgan benzin miqdori kamayishi bilan bir paytda yuz berdi.

Tabiiyki, narxlar oshishi mahalliy bozordagi benzin quyish shoxobchalarida ham yaqqol sezildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, AI-92 narxi 16 000 so‘m, AI-95 narxi esa 18 000 so‘mgacha qimmatlagan.

Vaholanki, may oyida AI-92 markadagi benzin narxi 12 000 so‘m atrofida edi.

Zaxira bor, lekin uning tarkibi ochiqlanmagan

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov 7-iyul kuni mamlakatda ichki ehtiyojni ikki-uch oy qoplaydigan neft mahsulotlari zaxirasi shakllantirilganini ma’lum qilgan.

Uning aytishicha, mamlakatda oyiga 100 ming tonnadan ortiq benzin ishlab chiqariladi, xususiy kompaniyalar esa yiliga yana 600–700 ming tonna import qiladi.

Ammo zaxiraning aniq hajmi, uning qanchasi AI-92 va AI-95 ekani, qaysi kompaniyalarga tegishli ekani hamda bozordagi uzilish paytida qanday chiqarilishi ochiqlanmadi. Ikki-uch oylik zaxira haqidagi bayonotni tekshirish uchun aynan shu ma’lumotlar zarur.

Hozirgi raqamlar bir qarashda paradoksni ko‘rsatadi: O‘zbekiston avvalgidan ancha ko‘p benzin import qilmoqda, ammo narxlar ham tezroq oshmoqda.

Buning bir qismi talab va yoqilg‘i turlari tarkibining o‘zgarishi bilan, bir qismi esa asosiy yetkazib beruvchi bozordagi taqchillik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid