Shavkat Mirziyoyev: «Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak»
Prezident tadbirkorlar uchun barcha turdagi moliyaviy jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobarga kamaytirilishini ma’lum qildi.
© Prezident matbuot xizmatiO‘zbekistonda tadbirkorlar uchun barcha turdagi moliyaviy jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobarga kamaytiriladi. Bu haqda 18-avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Ayrim idoralarda jarimadan tushgan mablag‘ning bir qismi o‘zida qolishi «tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – to‘laydi» degan noto‘g‘ri yondashuvni keltirib chiqarayotgani tanqid qilindi.
«Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak», – dedi Mirziyoyev.
Shu bilan birga, davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorning zakalat pulini qaytarish avtomatlashtiriladi.
«Tadbirkorning haqligi prezumpsiyasi»
2027-yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda «Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi» joriy etiladi. Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi.
Bundan tashqari, «Birinchi xato uchun ogohlantirish» qoidasi ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Birinchi bor qoida buzgan va odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.
Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir sud bosqichida davlat bojini to‘laydi. Savdo-sanoat palatasi huzuridagi ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham ko‘rib chiqish vakolati beriladi.





