Logo

5 yilda korxonalar soni ko‘paydi, ammo fermer xo‘jaliklari qisqardi

Bugun 13:505 daqiqa

Korxonalar soni O‘zbekistonda ilk bor 600 mingdan oshdi. Har ikki korxonadan biri savdo yoki qishloq xo‘jaligi sohasida ishlaydi, xorijiy korxonalarning eng katta qismi esa Xitoyga tegishli.

5 yilda korxonalar soni ko‘paydi, ammo fermer xo‘jaliklari qisqardi

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 601 ming 300 ta korxona va tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 440 ming 900 tasi yoki 73,3 foizi kichik korxonalar va mikrofirmalarga to‘g‘ri keladi.

Faoliyat yuritayotgan 445 ming 700 ta tadbirkorlik subyektining katta qismini mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tashkil etadi. Ularning soni 356 ming 800 ta yoki jami tadbirkorlik subyektlarining 80,1 foiziga teng. Xususiy korxonalar 47 ming 200 ta, oilaviy korxonalar esa 37 ming 300 tani tashkil qilgan.

Bu O‘zbekistonda faol biznes subyektlari soni ancha yuqori ekanini ko‘rsatadi. Biroq faqat 2026-yilgi ko‘rsatkichga qarab, korxona va tashkilotlar soni qanday o‘zgarganini baholab bo‘lmaydi. Buning uchun so‘nggi 5 yillik statisistikani o‘rganib chiqish kerak.

 

Korxonalar soni so‘nggi 5 yilda qanday o‘zgardi?

2022-yil 1-avgust holatiga mamlakatda 587 ming 500 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritgan. 2023-yilda esa bu ko‘rsatkich 490 ming 900 taga tushib, bir yil ichida 96 ming 600 ta korxona faoliyatini to‘xtatgan. 2024-yildan boshlab mamlakatda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni yana ko‘payib, ularning soni 553 ming 100 taga yetdi.

O‘tgan yil korxonalar soni 556 mingta, 2026-yilda esa 601 ming 300 tagacha oshdi.

 

Рисунок1

Besh yillik ko‘rsatkichga qaraganda, sezilarli o‘zgarish 2023-yildan keyin bo‘lgan. 2023–2024-yillarda 62 ming 300 ta yangi korxona ish boshlagan. Keyingi yili ularning soni atigi 2,9 ming taga ko‘payib, 2025–2026-yillarda  yangi 45 ming 300 ta korxona ishga tushgan.

Natijada 2026-yilga kelib O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 600 minglik chegaradan oshdi. 2023-yil bilan solishtirganda, uch yil ichida ularning soni 110 ming 400 taga, ya’ni qariyb 22 foizga ko‘paygan.

Korxonalar sonidagi o‘zgarish tadbirkorlik subyektlari soniga ta’sir ko‘rsatdi.  So‘nggi 5 yil ichida tadbirkorlik subyektlari soni 445 ming 700 taga yetdi. Shu davrda kichik biznes subyektlari soni ham 413 ming 900 tadan 440 ming 900 tagacha oshdi.

Biroq fermer va dehqon xo‘jaliklari bo‘yicha raqamlar boshqa manzarani ko‘rsatmoqda. Ularning soni 2022-yildagi 109 ming 900 tadan 2026-yilda 91,5 mingtaga tushgan. Ya’ni besh yil ichida 18 ming 400 ta xo‘jalik kamaygan.

Demak, tadbirkorlik subyektlari umumiy soni oshgan bo‘lsa-da, uning tarkibidagi fermer va dehqon xo‘jaliklari soni qisqargan.

 

Eng ko‘p korxonalar poytaxtda joylashgan

Tadbirkorlik subyektlari soni oshgani bilan biznes faolligi barcha hududlarida bir xil shakllanmagan. Xususan, korxona va tashkilotlarning asosiy qismi Toshkent shahri hamda iqtisodiy faol bo‘lgan yirik viloyatlarda to‘plangan.

Toshkent shahrida 114 ming 800 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritadi. Bu mamlakatdagi jami korxonalarning 19,1 foizi degani.

Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 57 mingta, Samarqand — 55 ming 400 ta, Farg‘ona — 50 ming 700 ta va Qashqadaryo — 46 ming 300 ta korxona bilan qayd etilgan.

Faqat shu besh hududning o‘zida O‘zbekistondagi jami korxona va tashkilotlarning qariyb 54 foizi joylashgan. Eng katta ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, poytaxtdagi korxonalar soni Toshkent viloyatiga qaraganda qariyb ikki baravar ko‘p.

Boshqa hududlarda esa ko‘rsatkich ancha past. Masalan, Sirdaryoda 17 ming 100 ta, Navoiyda 25 mingta va Jizzaxda 27 ming 700 ta korxona va tashkilotlar joylashgan. Bu biznes faolligi hududlar bo‘yicha sezilarli farq qilishini ko‘rsatadi.

Bunday sezilarli farqni hududlarning aholi soni, bozor hajmi va iqtisodiy faolligi bilan izohlash mumkin. Aholisi ko‘p va bozori keng hududlarda tadbirkorlik uchun talab ham yuqori, shu sababli bozorda «o‘yinchilar» ham ko‘p.

 

Biznesning asosiy qismi savdo va qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalarning deyarli yarmi ikkita asosiy tarmoqqa savdo va qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelmoqda.

Savdo sohasida 164 ming 481 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, bu jami ko‘rsatkichning 27,4 foizini tashkil etadi va barcha yo‘nalishlar orasida eng yuqori natija hisoblanadi.

Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yo‘nalishida esa 131 ming 925 ta korxona mavjud bo‘lib, ularning ulushi 21,9 foizga teng.

 

Рисунок2

Ushbu ikkala soha birgalikda hisoblanganda mamlakatdagi jami korxonalarning 49,3 foizini, ya’ni qariyb yarmini tashkil qilmoqda. Boshqacha aytganda, O‘zbekistondagi har ikki korxonadan biri yo savdo, yo qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ishlaydi.

Korxonalar soni bo‘yicha sanoat sektori uchinchi o‘rinda turadi. Bu sohada 63 ming 861 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, bu esa umumiy ko‘rsatkichning 10,6 foiziga teng.

Yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida 33 ming 966 ta, qurilish tarmog‘ida esa 33 ming 163 ta korxona qayd etilgan.

 

O‘zbekistonda qaysi davlat korxonalari ko‘proq?

O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni yildan-yilga oshmoqda. 1-avgust holatiga, mamlakatda 20 ming 973 ta shunday korxona va tashkilot faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan 4 ming 685 tasi qo‘shma korxona, 16 ming 288 tasi esa xorijiy korxona hisoblanadi.

So‘nggi besh yil davomida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 3 baravarga oshgan. 2022-yil 1-avgustda ularning soni 6 ming 954 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib 20 ming 973 taga yetgan. Shu davrda korxonalar soni qariyb 14 ming 19 taga ko‘paygan.

Xorijiy investitsiyalar asosan savdo va sanoat sohalariga yo‘naltirilgan. Mamlakatdagi bunday korxonalarning 7 ming 450 tasi savdo, 4 ming 98 tasi sanoat, 1 ming 732 tasi esa qurilish sohasida faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy biznesning O‘zbekiston bozorida, ayniqsa, savdo va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida faol ekanini ko‘rsatadi.

 

Рисунок3

Davlatlar kesimida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning eng katta  ulushi Xitoyga to‘g‘ri kelmoqda. 2026-yilning 1-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Xitoy investitsiyasi orqali 6 ming 241 ta korxona faoliyat olib bormoqda. Bu jami xorijiy investitsiyalar doirasida ishga tushirilgan korxonalarning qariyb 30 foizini tashkil etadi.

Xitoy investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni Rossiyanikidan qariyb 1,8 baravar, Turkiyanikidan esa 2,7 baravarga ko‘p.

Xitoy, Rossiya va Turkiya birgalikda 12 ming 80 ta korxonani tashkil etadi. Bu O‘zbekistondagi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha korxonalarning 57,6 foiziga to‘g‘ri keladi. Ya’ni har ikki xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonadan bittasi shu uch davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qolgan olti davlatning har birida korxonalar soni mingdan kam. Xitoyda esa ularning soni 6 mingdan oshadi. Shu bois Xitoy O‘zbekistondagi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha eng katta ulushga ega davlat bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1-iyun holatiga O‘zbekistonda 586 ming 200  ta korxona va tashkilot faoliyat yuritayotgan edi.

Teglar

null null

Zilola Xolto'rayevaMaqolalar soni: 22

Barchasi

Mavzuga oid