Logo

Indoneziyada 7,7 balli zilzila sodir bo‘ldi

Bugun 10:271 daqiqa

Hodisa oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi. Kuchli zilziladan so‘ng mamlakat hududlarida o‘nlab takroriy silkinishlar kuzatilgan.

Indoneziyada 7,7 balli zilzila sodir bo‘ldi

Indoneziyaning sharqiy qismida 15-avgust kuni ertalab 7,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila oqibatida kamida besh kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila Flores oroli yaqinida, taxminan 10–15 kilometr chuqurlikda qayd etilgan. Zilziladan keyin o‘nlab takroriy silkinishlar kuzatilgan.

Silkintirishlar Sharqiy va G‘arbiy Nusa-Tenggara, shuningdek, Janubiy Sulavesi hududlarida ham sezilgan. Maumere shahrida binolar qulagan, Endeda shifoxona bemorlarni xavfsizlik uchun tashqariga chiqargan. Ayrim hududlarda ko‘chkilar ham qayd etilgan.

Nageokeo hududida qariyb 2 ming kishi evakuatsiya qilindi. U yerda uylar, omborlar va davlat muassasalariga zarar yetgan. Ayrim hududlarda elektr ta’minoti uzilib, yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelgan.

Kuchli zilziladan keyin dastlab Indoneziya hududlarida sunami xavfi e’lon qilingandi. Ayrim joylarda balandligi bir metrdan kam bo‘lgan to‘lqinlar ham qayd etilgan. Biroq ogohlantirish taxminan uch soatdan keyin bekor qilingan.

Ma’lumot uchun, Indoneziya Tinch okeanidagi «Olov halqasi» deb ataluvchi yuqori seysmik faol hududda joylashgan. Bu mintaqada tektonik plitalar to‘qnashuvi sababli zilzila va vulqon faolligi tez-tez kuzatiladi.

Teglar

Mavzuga oid