Logo

«Dunyo bunga ko‘z yuma olmaydi»: Afg‘onistonda 3,7 million bola og‘ir darajadagi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda

Bugun 10:004 daqiqa

«Save the Children» tashkilotiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish keskin kamaygani sababli Afg‘onistonda har o‘n bolaning biri to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.

«Dunyo bunga ko‘z yuma olmaydi»: Afg‘onistonda 3,7 million bola og‘ir darajadagi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda

«Save the Children» tashkiloti o‘tkazgan yangi tadqiqot shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi kunda Afg‘onistonda har o‘n go‘dak va yosh bolaning biri og‘ir darajadagi to‘yib ovqatlanmaslik holatини boshidan kechirmoqda. Bu holat qisqa vaqt ichida vaznning keskin kamayishi yoki ovqatlanishning yomonlashuvi oqibatida salomatlikka putur yetishini anglatadi. 13-avgust kuni mazkur xayriya tashkiloti vakillari sog‘liqni saqlash sohasida mablag‘ yetishmasligi sababli asosiy tibbiy xizmatlar to‘xtatilayotganini ma’lum qildi. Bu esa, o‘z navbatida, Afg‘onistonda to‘yib ovqatlanmaslik xavfi ostida qolgan bolalar sonining yanada ortishiga olib kelmoqda.

«Al Jazeera» nashri Afg‘oniston nega bolalar o‘rtasidagi to‘yib ovqatlanmaslik inqiroziga yuz tutayotganini tahlil qildi.

Tadqiqot nimani ko‘rsatmoqda?

Qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan «Save the Children» tashkiloti Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, Afg‘onistonda yosh bolalar o‘rtasida to‘yib ovqatlanmaslik holatlari muttasil ortib borayotganini ta’kidladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, besh yoshgacha bo‘lgan qariyb har o‘n afg‘on bolasining biri hozirda to‘yib ovqatlanmaslik sharoitida yashamoqda. Bundan aziyat chekayotgan bolalar ulushi esa o‘sib bormoqda.

Tashkilotning qo‘shimcha qilishicha, 2026 yilning ikkinchi choragida mamlakat viloyatlarining uchdan ikki qismida og‘ir darajadagi to‘yib ovqatlanmaslik darajasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada yomonlashgan. «Save the Children» hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida og‘ir darajadagi to‘yib ovqatlanmaslik 14 foizga oshib, 2026 yil holatiga ko‘ra, 3,7 million nafar go‘dakni qamrab olgan. 

Og‘ir darajada to‘yib ovqatlanmaslik nima degani?

Bu «o‘ta ozib ketish» deb ham ataladigan hamda bolaning vazni o‘z bo‘yiga nisbatan keskin kamayib ketadigan va hayot uchun xatarli bo‘lgan holatdir. U ovqatlanish miqdorining kamayishi yoki og‘ir kasallik oqibatida yuz beradi hamda tananing qisqa vaqt ichida yog‘ va mushak massasini tez yo‘qotishiga olib keladi.

Nega afg‘on bolalari o‘rtasida to‘yib ovqatlanmaslik ortib bormoqda?

«Save the Children» tashkilotining ta’kidlashicha, to‘yib ovqatlanmaslik ko‘rsatkichining o‘sishi asosan mamlakatda gumanitar yordam oqimining qisqarishi bilan bog‘liq. Bu holat 600 ga yaqin muhim sog‘liqni saqlash muassasasining yopilishiga olib kelgan. Ilgari qariyb 4 million kishi (ularning teng yarmi bolalar edi) aynan mana shu tibbiy xizmatlarga muhtoj bo‘lgan.

So‘nggi to‘rt yil ichida Afg‘onistonga ko‘rsatiladigan gumanitar yordam qariyb 70 foizga — 2022 yildagi 3,27 milliard dollardan 2025 yilda 1 milliard dollargacha kamaygan. Bunday keskin pasayish 2021 yilning avgust oyida AQSH va uning ittifoqchilari mamlakatni tark etib, Afg‘onistonda hokimiyat Tolibon qo‘liga o‘tganidan so‘ng yuz bergan. O‘shandan buyon xorijiy yordam cheklangan holatda qolmoqda.

«Save the Children» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yarmidan ko‘pi o‘tgan bo‘lsa-da, gumanitar yordam sifatida bor-yo‘g‘i 438 million dollar ajratilgan. Bu esa moliyalashtirishda 74 foizlik kamomad mavjudligini anglatadi.

Tashkilot mamlakatda 14 ta klinika faoliyatini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganini hamda Afg‘oniston shimolidagi tog‘li hududlarda 10 ming kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan yagona tashkilot ekanini ma’lum qildi.

Yana bir murakkab jihat shundaki, 2023 yil sentabr oyidan beri Afg‘oniston aholisi 12 foizga ko‘paydi. Bu asosan Pokiston va Eronning afg‘on qochqinlariga nisbatan qoidalarni kuchaytirib, deportatsiya jarayonini tezlashtirgani oqibatida olti milliondan ortiq afg‘onistonlikning o‘z vataniga qaytarilgani bilan izohlanadi.

«Dunyo bunga ko‘z yuma olmaydi. Ocharchilik, yurtga qaytganlarning keskin ko‘payib ketgani, shuningdek, tabiiy ofatlar, so‘nggi mojarolar va to‘rt yillik qurg‘oqchilik oqibatidagi ommaviy ichki ko‘chishlar shundoq ham cheklangan gumanitar resurslarni batamom sarflashga majbur qilmoqda. Xalqaro hamjamiyat hozir tanlov oldida turibdi: oilalar halokat yoqasiga kelib qolganidan keyingina yordam qo‘lini cho‘zish yoki bolalarning hayoti, huquqlari va kelajagini himoya qilish uchun zudlik bilan harakatni boshlash», — dedi «Save the Children» tashkilotining Afg‘onistondagi direktori Ashish Damle.

Nega Afg‘onistonga gumanitar yordam kamayib ketdi?

So‘nggi besh yil ichida Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan gumanitar yordam hajmi keskin qisqardi. Buning asosiy sababi — 2021 yilda Tolibon hokimiyatga qaytganidan so‘ng xalqaro donorlarning mamlakatni tark etgani bilan izohlanadi.

AQSH qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi va prezident Ashraf G‘ani hukumati qulashi ortidan Tolibonning hokimiyatni egallashi ko‘plab donorlarni moliyalashtirishni cheklashga yoki boshqa tomonga yo‘naltirishga, sanksiyalarni kuchaytirishga va yordam operatsiyalariga nisbatan qat’iyroq shartlar qo‘yishga majbur qildi.

2021 yilgacha AQSH yirik taraqqiyot va qayta tiklash loyihalarini moliyalashtiruvchi hamda gumanitar yordam ajratuvchi Afg‘onistonning eng yirik donori edi. Biroq Tolibon hokimiyatni egallaganidan buyon AQSHning Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan yordamining aksariyat qismi BMT yoki nodavlat tashkilotlar kabi bilvosita kanallar orqali yo‘naltirilmoqda va hozirgi kunda u 2021 yilgacha bo‘lgan hajmning faqatgina kichik bir qismini tashkil etadi.

Bundan tashqari, prezident Donald Trampning Oq uydagi ikkinchi muddati boshlanganidan buyon ma’muriyat xorijiy yordamni keskin qisqartirdi.

AQSH, shuningdek, 2021 yilda mamlakatni tark etganidan buyon Tolibonning yetakchi a’zolariga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi va AQSHda saqlanayotgan Afg‘oniston davlat aktivlarini muzlatib qo‘ydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Tolibon hokimiyatni egallaganidan keyin Yevropa Ittifoqi va Jahon banki ham keng ko‘lamli qayta tiklash loyihalarini moliyalashtirishni to‘xtatgan va uning o‘rniga gumanitar yordamni nodavlat tashkilotlar orqali yetkazib beruvchi ancha kichik miqyosdagi, favqulodda vaziyatlarga mo‘ljallangan dasturlarni bosqichma-bosqich qayta tiklagan.

 

Teglar

Mavzuga oid