Logo

Erondan 6 ta qat’iy shart va Trampning javobi: Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qamal qachon tugaydi?

Bugun 09:155 daqiqa

Vositachilar muzokaralarni davom ettirishga urinayotgan bir paytda, AQSH va Eron o‘rtasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qarama-qarshilik hamon davom etmoqda.

Erondan 6 ta qat’iy shart va Trampning javobi: Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qamal qachon tugaydi?

Ikki tomon o‘rtasida tinchlik bitimiga erishishga qaratilgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bo‘lsa-da, Eron Qo‘shma Shtatlarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilayotgani haqidagi iddaolarini keskin inkor etmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Vashington ushbu muhim suv yo‘li ustidan «to‘liq nazorat» o‘rnatgani haqidagi so‘zlarini yana bir bor takrorladi. Biroq bu Eronning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Tehron AQSH tajovuzini qoralab, tovon puli va sanksiyalar bilan bog‘liq talablari bajarilmaguniga qadar bo‘g‘ozni qayta ochmasligini ma’lum qildi.

«AQSH rasmiylarining Ho‘rmuz bo‘g‘ozi endi yopiq emasligi haqidagi iddaolari va takroriy xabarlari haqiqatni o‘zgartira olmaydi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiqligicha qolmoqda va Eronning shartlari qabul qilinmaguncha, u qayta ochilmaydi», — deya yozib qoldirdi Eronning Fors ko‘rfazi bo‘g‘ozlari boshqarmasi (PGSA) «X» ijtimoiy tarmog‘ida.

Tinchlik davrida global neft va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) ta’minotining beshdan bir qismi o‘tadigan mazkur bo‘g‘ozdagi so‘nggi o‘zgarishlar hamda davom etayotgan muzokaralarning istiqbollari haqida quyidagilar ma’lum.

Qarama-qarshilik bo‘yicha so‘nggi vaziyat qanday?

Ayni paytda Eron qurolli kuchlari maxsus ruxsatnomasi bo‘lmagan kemalarning Eron va Ummon hududiy suvlari orqali o‘tuvchi tor bo‘g‘ozda harakatlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Tramp AQSH bo‘g‘oz ustidan nazorat o‘rnatganini iddao qilayotgan bo‘lsa-da, Eronning qamali oqibatida ushbu asosiy suv yo‘li orqali kemalar qatnovi so‘nggi bir hafta ichidagi eng past darajaga tushib ketdi.

O‘z navbatida, AQSH ham bo‘g‘oz ichidagi va uning atrofidagi Eron portlariga nisbatan dengiz qamalini amalga oshirmoqda. Xususan, seshanba kuni AQSH kuchlari Ummon ko‘rfazida Eron porti tomon harakatlanayotgan va ogohlantirishlarga e’tibor bermagan Panama bayrog‘i ostidagi kemani nishonga oldi.

Payshanba kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi AQSHning «razvedka tizimidagi xatolari tufayli uzoq vaqtdan beri vaziyatni noto‘g‘ri baholayotganini», jumladan, 28-fevral kuni Isroil bilan birgalikda Tehronga zarba berish orqali Eronga qarshi urush boshlaganida ham aynan shunday bo‘lganini ta’kidladi. Vazir o‘zining «X» tarmog‘idagi sahifasida Vashingtonning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xatti-harakatlarini «yanada kattaroq xato» deb atadi. «Soxta razvedka ma’lumotlari soxta yangiliklardan ham xavfliroq», — dedi u.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusiga (IIMK) qarashli «Basij» harbiy tashkiloti qo‘mondoni Hujjatulislom Husayn Toib ham bo‘g‘oz «Eron nazorati va boshqaruvi ostida» ekanini ta’kidladi.

«Bugun siz Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Islom Respublikasining boshqaruvi va nazorati ostida ekanini ko‘rib turibsiz, mamlakatimiz esa to‘la xavfsizlik sharoitida o‘z yo‘lida davom etmoqda. Amerikaliklar Islom inqilobining qudratini ko‘rdi», — dedi Toib payshanba kuni.

Eron va Ummon muzokaralari haqida nimalar ma’lum?

Tehron bo‘g‘oz masalasida AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara olib bormayotganini ma’lum qilmoqda. Buning o‘rniga, bo‘g‘ozni kelgusida birgalikda boshqarishni taklif qilayotgan Ummon bilan muloqot o‘rnatilgan.

Joriy yilning 17-iyun kuni Eron va AQSH o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan va unga ko‘ra, Eron bo‘g‘ozni 60 kun davomida ochiq saqlash majburiyatini olgan edi. Biroq shundan so‘ng ko‘p o‘tmay, suv yo‘lini nazorat qilish va kemalar harakatlanishi kerak bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha tomonlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi.

Eron belgilangan yo‘nalishdan chiqib ketgan deb hisoblagan ayrim kemalarni o‘qqa tutdi va bu holat AQSH bilan harbiy harakatlarning qayta boshlanishiga olib keldi. Shuningdek, Tehron bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalardan boj undirish masalasida ham Vashington bilan kelisha olmadi. Oqibatda, AQSH Eronga qarshi urush boshlashidan avval barcha kemalar uchun ochiq bo‘lgan bo‘g‘oz, endilikda keng ko‘lamli tinchlik muzokaralarini ilgari surish yo‘lidagi asosiy to‘siqqa aylanib qoldi.

Hozirda Eron va Ummon o‘rtasidagi muzokaralar aynan ushbu muammolarni hal qilishga qaratilgan. Seshanba kuni Qatar rasmiylari Eron va Ummon o‘rtasida bo‘g‘oz bo‘yicha muzokaralar «muhim bosqichga» chiqqanini ma’lum qildi.

«Vositachilar sifatida biz Ho‘rmuz bo‘g‘ozining imkon qadar tezroq qayta ochilishini istaymiz», — dedi Qatar Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Majid al-Ansoriy matbuot anjumanida.

Muzokarachilar Eron va Ummonning xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarini inobatga olgan holda, tijorat kemalari qatnovini qayta tiklashga imkon beruvchi murosa yo‘lini topishga urinmoqda.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining ta’kidlashicha, Ummon bilan muzokaralar «Eron va Ummonning milliy xavfsizlik manfaatlarini hisobga olgan holda, suveren huquqlarni himoya qiluvchi» hamda «xavfsiz kirish va chiqish yo‘laklarini yaratish»ga qaratilgan.

O‘tgan hafta Eron tomoni Ummon bilan ushbu kema qatnovlari yo‘laklarining koordinatalari bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi.

AQSH va Eron o‘rtasidagi keng ko‘lamli tinchlik muzokaralari haqida nimalar ma’lum?

Eronning ta’kidlashicha, AQSH iyul oyida hujumlarni qayta boshlash orqali 17-iyundagi o‘zaro anglashuv memorandumini buzgan. Shu sababli Tehron Vashington bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilmayapti.

Hozirda Pokiston ushbu tinchlik jarayonida vositachilik qilishga urinmoqda. Seshanba kuni Pokiston ichki ishlar vaziri Muhsin Naqvi Tehronda Eronning yuqori martabali mulozimlari bilan muzokaralar o‘tkazayotgan bir paytda, Islomobod AQSH va Eronni «muzokaralar stoli atrofida jamlash» ustida ishlayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumki, joriy yilning aprel oyida AQSH va Eron yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazgan edi. Islomobod mezbonlik qilgan ushbu uchrashuvda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens va Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibof ishtirok etgandi. 17-iyun kuni esa ikki tomon 60 kunlik muzokaralar jarayoniga start berishi ko‘zda tutilgan anglashuv memorandumini masofadan turib imzoladi. Biroq turli kelishmovchiliklar bu jarayonning boshlanishiga to‘sqinlik qildi va shundan buyon muzokaralar to‘xtab qolgan.

Eron va AQSHning so‘nggi talablari qanday?

O‘tgan hafta oxirida Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish uchun AQSH bajarishi shart bo‘lgan yangi talablarni ilgari surdi.

Mazkur oltita shart quyidagilardan iborat:

  1. AQSHning Eronga nisbatan tahdidlarini va (siyosatchi Zulqadrning ta’kidlashicha) mamlakatning milliy hamda diniy qadriyatlarini haqorat qilishni to‘xtatish;

  2. Eron va uning Livan, Falastin, Yaman hamda Iroqdagi ittifoqchilariga qarshi hujumlarga uzil-kesil barham berish;

  3. AQSH dengiz qamalini bekor qilish va Eron chegaralari atrofidan harbiy-dengiz hamda harbiy-havo kuchlarini olib chiqib ketish;

  4. Tehron «majburan tiqishtirilgan ikki urush» deb atayotgan mojarolardan ko‘rilgan zarar uchun tovon puli to‘lash;

  5. Sanksiyalarni bekor qilish;

  6. Eronning muzlatib qo‘yilgan aktivlarini shartsiz qaytarish.

Dushanba kuni Oq uyda jurnalistlarga bergan intervyusida Donald Tramp o‘z ma’muriyati Eron tomonidan yetkazilgan «50 yillik» zarar uchun tovon undirish niyatida ekanini bildirdi. U bu qadamni Tehronning talablariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob sifatida izohladi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘ mintaqadagi AQSH harbiylari hamda Erondagi tinch namoyishchilar orasidagi qurbonlar uchun to‘lanadi. Shuningdek, u so‘nggi to‘rt oy ichida Eronda 52 ming kishi halok bo‘lganini iddao qildi.

Tehron esa AQSH va Isroil urushi boshlanishidan avval — yanvar oyida butun mamlakatni qamrab olgan hukumatga qarshi namoyishlarda taxminan 3117 kishi halok bo‘lganini aytmoqda. Fevral oyida AQSHda joylashgan Inson huquqlari faollari axborot agentligi (HRANA) 7 mingga yaqin kishi, jumladan, 6500 nafar namoyishchi qurbon bo‘lgani haqida xabar bergan edi. 

Teglar

Mavzuga oid