Logo

Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mlrd dollar yo‘naltiriladi

Bugun 16:592 daqiqa

Shuningdek, marketpleyslarda omborga joylashtirish va sotish xarajatining yarmi, xalqaro tenderlar uchun konsalting xarajatining 80 foizi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.

Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mlrd dollar yo‘naltiriladi

Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Xorazmda o‘tkazilayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish masalasi alohida muhokama qilindi.

Prezident bugun tashqi bozorlarda har bir dollarlik eksport uchun keskin raqobat ketayotganini ta’kidladi.

O‘rganishlarga ko‘ra, eksportchilarning 40 foizi xorijlik mijoz topishga qiynalmoqda.

Shuningdek, 36 foiz korxona standart va sertifikatsiya talablariga moslashishda muammoga duch kelmoqda. 37 foizida qulay moliyaviy instrumentlar, 33 foizida esa bozor, marketing va brend bo‘yicha yetarli ko‘nikmalar mavjud emas.

Shu bois tashqi bozorga chiqishning barcha bosqichlarida kompleks xizmat ko‘rsatadigan «eksport navigator» tizimi joriy etiladi. Uning doirasida eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.

Eksport uchun 100 ta mahsulot tanlanadi

Shuningdek, xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulot ro‘yxati shakllantiriladi. Har biri bo‘yicha raqobatchilar, tarif tizimi va logistika yechimlari tahlil qilinib, tadbirkorlarga tayyor yo‘nalishlar taklif etiladi.

Shuningdek, 2 mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayoni tashqi bozor va aniq xaridor segmenti talablariga moslashtiriladi.

Tadbirkorlarga xorijiy brendmeyker jalb qilish xarajatining yarmi, 500 ming dollargacha qoplab beriladi. Milliy brendlarni tashqi bozorda targ‘ib qilish va xalqaro talablarga moslashtirish uchun esa 50 ming dollargacha subsidiya ajratiladi.

Marketpleyslarda omborga joylashtirish va sotish xarajatining yarmi, xalqaro tenderlarda ishtirok etish uchun konsalting xarajatlarining 80 foizi ham kompensatsiya qilinadi.

Eksportga yangi yengilliklar

«Bugun dunyoda bozor uchun kurash kun sain kuchayib boryapti. Bunday vaziyatda xorijga chiqqan tadbirkor hech qachon o‘zini yolg‘iz his qilmasligi kerak», – dedi Prezident.

Eksportning 60 foizi to‘g‘ri keladigan 20 ta davlat va istiqboli yuqori yana 5 mamlakatda «eksport elchilari» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularni o‘sha bozorga eng ko‘p mahsulot eksport qilayotgan tadbirkorlarning o‘zi saylaydi.

«Eksport elchilari» boshqa tadbirkorlarga savdo tarmoqlari, sertifikatlash va marketing masalalarida ko‘maklashadi. Ularning xizmat safari va yashash xarajatlari qoplab beriladi.

Eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘yicha ham yengilliklar joriy etiladi. Tovar uchun to‘lov kelmagan taqdirda eksportga cheklov bekor qilinadi, invoys bo‘yicha 50 foiz oldindan tushum talabi olib tashlanadi.

Savdo uylari va distribyutorlar orqali eksportda valuta tushumini ta’minlash muddati 180 kundan 365 kunga uzaytiriladi.

Teglar

Mavzuga oid