Logo

Dollar 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi

Bugun 17:502 daqiqa

So‘mga nisbatan dollar kursi uch yillik eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Yil boshidan beri kurs 1,2 foizga qadrsizlandi.

Dollar 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi

17-avgust kuni valuta birjasidagi savdolar yakunida dollar kursi 33,83 so‘mga yoki 0,28 foizga pasayib, 11 857,35 so‘mni tashkil etdi. Markaziy bank belgilagan yangi rasmiy kurs 18-avgustdan amal qiladi.

Bu 2023 yil 10-avgustidan keyingi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘sha kuni dollarning rasmiy kursi 11 667 so‘m edi. 11-avgustda esa kurs birdaniga 408,03 so‘mga oshib, 12 075,03 so‘mga yetgan. Shundan buyon dollar 11 857 so‘mdan pastga tushmagandi.

Avval xabar berilganidek, 6-avgust kuni kurs 11 886,72 so‘mgacha pasayib, 2026 yil minimumini yangilagandi. Oradan ikki haftaga yetmasdan dollar yana 29,37 so‘mga arzonladi.

Joriy yilning ilk ish kuni — 5-yanvarda rasmiy kurs 12 004,41 so‘mni tashkil etgan. Shundan beri dollar 147,06 so‘mga yoki 1,2 foizga qadrsizlandi.

Dollar kursi O‘zbekistonda qanday shakllanadi?

O‘zbekistonda rasmiy dollar kursi Respublika valuta birjasidagi savdolar asosida belgilanadi. Banklar bu yerda xorijiy valutani sotib oladi va sotadi, kurs esa talab va taklif muvozanatiga qarab shakllanadi.

Import to‘lovlari va tashqi qarzlar bo‘yicha talabning ortishi dollarni qimmatlashtirishi mumkin. Eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va aholi tomonidan banklarga valuta sotilishining ko‘payishi esa bozordagi taklifni oshiradi.

So‘m nega mustahkamlanmoqda?

Markaziy bank dollarning aynan bugungi pasayishiga nima sabab bo‘lganini izohlamadi. Biroq yilning birinchi yarmidagi raqamlar bozorda valuta taklifi talabga qaraganda tezroq o‘sganini ko‘rsatmoqda.

Yanvar—iyun oylarida xorijiy valutaga bo‘lgan umumiy talab 20 foizga oshib, qariyb 32 mlrd dollarni tashkil etdi. Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda, valuta taklifi esa 31 foizga ko‘payib, 27,8 mlrd dollarga yetdi.

Aholi yarim yilda banklarga 12,3 mlrd dollar sotib, 6,8 mlrd dollar xarid qildi. Natijada jismoniy shaxslarning ijobiy valuta saldosi 5,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga kelib tushgan mablag‘ ham 9,3 mlrd dollarga yetdi.

Bu omillar ichki bozorda valuta taklifini ko‘paytirib, so‘mning mustahkamlanishiga yordam berayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq joriy pasayishni faqat aholi ko‘proq valuta sotayotgani bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Kursning keyingi yo‘nalishi import talabi, eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va Markaziy bank operatsiyalarining qanday o‘zgarishiga bog‘liq bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid