Rossiya gazisiz yashashga o‘rgangan Yevropaga yana energetika inqirozi xavf solmoqda
Bu holatni Kreml vakili Kirill Dmitriyev «to‘lov qog‘ozlari yaqin» deya istehzo bilan izohladi.
© smart-lab.ruO‘tgan qishda Yevropa Ittifoqi Rossiya gaziga qaramlikdan batamom qutulib, energetika inqirozlarisiz yangi voqelikda yashashga o‘rgangandek tuyulgandi. Tabiiy gazning asosiy yetkazib beruvchisi sifatida Rossiyaning o‘rnini AQSH va Norvegiya egalladi. 2026–2027 yillarning qish mavsumi arzon narxlarni, talab ortishini va Yevropa sanoatining qayta tiklanishini va’da qilayotgan edi. Biroq kutilmaganda yangi muammo yuzaga keldi.
Odatda yoz faslida gaz narxi tushadi va Yevropa qish uchun oldindan zaxira to‘playdi. Oktyabr oyining oxiriga borib, Yevropa Ittifoqining yer osti omborlarida qariyb 100 milliard kub metr gaz yig‘iladi. Bu qishki talabning taxminan yarmiga teng bo‘lib, isitish mavsumidagi ehtiyojning 25-30 foizini qoplaydi. Sababi, omborlar butunlay bo‘shatib yuborilmaydi, bahorgacha ularda ma’lum miqdorda gaz qolishi kerak.
Biroq qish yaqin, gaz narxi esa hamon arzonlashgani yo‘q. Avgust oyi boshidagi holatga ko‘ra, omborlardagi zaxiralar o‘ta past darajada — bor-yo‘g‘i 60 foiz atrofida (yoki 60 milliard kub metrdan biroz kamroq). Ekspertlarning ishonch bilan ta’kidlashicha, 1-noyabrgacha yoki hech bo‘lmaganda 1-dekabrgacha YI tavsiya qilgan 90 foizlik ko‘rsatkichga endi erishib bo‘lmaydi. Agar qish қаттиқ kelsa, narxlar keskin oshib, Yevropa yangi energetika inqiroziga yuz tutadi.
Kremlning maxsus vakili Kirill Dmitriyev esa bu holatdan kinoyali tarzda quvonmoqda. «Yevropa Ittifoqi o‘z aybi bilan energetika inqirozi xavfi ostida qoldi», — deya yozgan u o‘z tvitida. U xabarga omborlarning to‘lish grafigi hamda «Taxtlar o‘yini» serialidagi Jon Snouning gif-suratini ilova qilgan. Suratdagi mashhur «qish yaqin» iborasi o‘rniga «to‘lov qog‘ozlari yaqin» deya izoh qoldirilgan. Bu bilan u yevropalik iste’molchilarning gaz va elektr energiyasi uchun kutilayotgan katta xarajatlariga sha’ma qilgan.
Biroq bu inqirozga Rossiyaning hech qanday aloqasi yo‘q. Bunga asosiy sabab — AQSH va Isroilning Eron bilan urushidir.
G‘ayrioddiy yoz
Kolumbiya universitetining energetika bo‘yicha eksperti Enn-Sofi Korbo Yevropada gaz zaxiralarini to‘ldirish bilan bog‘liq muammoni shunday izohlaydi: «Odatda yozda vaziyat sokin bo‘lardi, biroq bu yil unday emas».
«Eng yaxshi holatda, isitish mavsumigacha omborlar 70-80 foizga to‘ladi. Agar qish iliq kelsa, xavotirga o‘rin yo‘q, — deydi mutaxassis. — Biroq havo sovuq, bulutli va shamolsiz kelsa, qiyinchiliklar boshlanadi».
«Bruegel» tadqiqot markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilda zaxiralarni to‘ldirish sur’ati sezilarli darajada past. Bu ko‘rsatkich nafaqat Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan omborlarni 90 foizga to‘ldirish talab qilingan so‘nggi yillardan, balki nisbatan barqaror kechgan 2016–2021 yillardagi holatdan ham ortda qolmoqda.
Buning sababi shundaki, o‘tgan qishda xaridorlar «Yevropa Rossiya gazisiz yashashga o‘rganib bo‘ldi va endi bizni faqat arzon narxlar kutmoqda» degan xulosaga kelgan edi.
Darhaqiqat, qahraton qish va zaxiralar kamligiga qaramay, 2026 yilning yanvar oyida gaz narxi o‘tgan 2025 yilgi darajada saqlanib qoldi — bir megavatt-soat uchun taxminan 30-35 yevro. To‘g‘ri, bu urushdan oldingi 20 yevrolik ko‘rsatkichdan yuqori, biroq Yevropa iste’molchilari uchun maqbul narx edi.
Buning ustiga, gaz yanada arzonlashishini kutish uchun yetarli asoslar bor edi. Agar oldinlari narxlarning oshmasligiga faqat to‘la omborlar va iliq qish sabab bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan mavsumda narxlar faqat zaxiralarning kamaygani va qahraton sovuq tufayligina tushmay turdi.
Qolaversa, suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi dunyodagi ikki asosiy davlat — AQSH va Qatar jahon bozoriga yetkazib berish hajmini oshirishga va’da bergan edi. Jumladan, Qatar shu yil oxirida Ras-Laffandagi ulkan zavodining yangi bosqichini ishga tushirishi kerak edi. Urushdan oldingi narxlar esa bozorda gaz taklifi ortib ketishi kutilayotganidan dalolat berardi.
Shu sababli yevropaliklar yozda narxlar tushishiga umid qilib, navbatdagi qish mavsumi uchun yer osti omborlarini to‘ldirishga shoshilishmadi. Biroq Yaqin Sharqda urush boshlagan Donald Tramp bu rejalarni chippakka chiqardi.
Gaz tanqisligi
Mart oyining ilk kunlarida Eron bombardimon qilingach, Yevropa gaz bozoridagi narxlar ham neft narxiga ergashib, qariyb 50 yevrogacha ko‘tarildi. Eronning javob zarbalari esa dunyodagi jami suyultirilgan gazning 20 foizini ishlab chiqaruvchi «Ras-Laffan» majmuasi quvvatlarining 17 foizini ishdan chiqardi.
Shundan so‘ng qisqa muddatli sulh kuzatildi. Bu davrda neft arzonlashdi, ammo gaz narxi deyarli pasaymadi. Hozirgi kunda Yevropada bir megavatt-soat gaz narxi 60 yevroni tashkil qilmoqda.
«Neft bozoridan farqli o‘laroq, gaz bozorida strategik zaxira mavjud emas», — deb tushuntiradi Enn-Sofi Korbo.
Fors ko‘rfazidagi urush tufayli yuzaga kelgan yo‘qotishlarni qoplash uchun G‘arb davlatlari o‘z zaxiralaridan 400 million barrel neft sotishga qaror qildi. Aslida yo‘qotishlar bundan ham yuqori — 1 milliard barreldan ortiq edi, ammo Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochilishi neft narxlari pasayishiga olib keldi.
Nisbatan yosh hisoblangan gaz bozorida esa bunday imkoniyat yo‘q. Bu yerda narxlar talab va taklif muvozanatiga chambarchas bog‘liq va ayni shu borada muammolar yetarlicha.
«Inqiroz yozgi jazirama va rekord darajadagi El-Nino hodisasi tufayli yanada chuqurlashmoqda, — deydi Enn-Sofi Korbo. — Urush boshlanganda men Osiyo gaz iste’molini biroz kamaytirsa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo jazirama va konditsionerlar oqibatida u yerda talab, aksincha, oshib ketdi».
Inqiroz muqarrarmi?
Eron urushi davom etar ekan, Yevropa noaniqlik holatida qolaveradi. Biroq Oksford energetika tadqiqotlari instituti (OIES) mutaxassislarining ta’kidlashicha, vaziyat juda tez o‘zgarishi mumkin.
«Fyuchers narxlari shuni ko‘rsatmoqdaki, yanvar oyida gaz hozirgidan arzonroq bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, qishda bozordan gaz sotib olish imkoni bo‘lsa, yozda omborlarni to‘ldirishdan nima naf?», — deb yozadi ular.
Yevropa Ittifoqining barcha 27 mamlakatida energetika nazoratini muvofiqlashtiruvchi ACER agentligi ham vaziyat izga tushishiga ishonmoqda. Boisi, so‘nggi yillarda YI o‘zini suyultirilgan gazni qayta gaz holatiga keltiruvchi terminallar bilan yetarlicha ta’minlab oldi.
«Agar suyultirilgan gaz taklifi yetarli darajada bo‘lsa, regazifikatsiya quvvatlari yer osti omborlaridagi zaxiralar tanqisligini qoplashga yordam beradi», — deb qayd etadi ACER.
Boshqacha qilib aytganda, hammasi narxga bog‘liq. Agar Erondagi urush tugasa, jazirama chekinsa va yangi muammolar paydo bo‘lmasa, Yevropa bu qishdan betalofat o‘tadi.
«Tizim o‘ta beqaror. Har narsa bo‘lishi mumkin. Masalan, ukrainaliklar Rossiyaning Turkiyaga olib boruvchi gaz quvurlarini yoki «Yamal-SPG»ni portlatishga qaror qilishi ehtimoldan xoli emas. Yoki Amerikadagi to‘fonlar suyultirilgan gaz eksporti hajmiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. U holda narxlar so‘zsiz ko‘tariladi», — deydi Enn-Sofi Korbo.





