7 mlrd so‘mlik panjaralar, buzilayotgan bekatlar va 2030-yilgacha berilgan va’dalar: Toshkent yo‘llarida nimalar o‘zgaradi?

Toshkentda yo‘l harakatini boshqarishda aqlli tizim ishga tushiriladi, bu tizim svetoforlarning ishlashini real vaqt rejimida avtomatik boshqarish, transport oqimlarini tahlil qilish imkonini beradi.



2030-yilgacha ko‘chalar ta’mirlanadi, yo‘llar asfalt bo‘ladi, aqlli svetoforlar o‘rnatiladi, tirbandliklar esa kamayadi. Toshkentda yo‘l harakatini boshqarishda “aqlli tizim” ishga tushiriladi, bu tizim svetoforlarning ishlashini real vaqt rejimida avtomatik boshqarish, transport oqimlarini tahlil qilish imkonini beradi. Bu ma’lumotlar 12-mart kuni Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan ma’lum qilindi. Markaz tashkil qilinganiga hali yarim yil ham bo‘lmagan. Ammo, berilayotgan va’dalar katta.

“2030-yilgacha qo‘yilgan KPI jamoat transportining ulushini 60 foizga yetkazish, avtobuslarning harakatlanish o‘rtacha tezligini 24 kilometr soatiga yetkazish, jami hisobda shahar bo‘yicha 2 600 ta avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish. Hozir Toshkent shahrida umumiy hisobda 125 ta chorrahada o‘rnatilgan bo‘lsa, 700 ta yana o‘sha chorrahalarda aqlli svetoforlar o‘rnatish va ularni bir-biri bilan kompleks ishlatishni ta’minlash vazifasi yuklatilgan”, deydi Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi bo‘lim boshlig‘i Ollayor Norbo‘tayev.

Matbuot anjumanida ko‘plab masalalar muhokama qilindi, kelin birinchi bo‘lib, shu kunlarda muhokama bo‘layotganiga to‘xtaladi. Agar avtobusda yursangiz, bekatlar buzilayotganiga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Ma’sullarning ma’lum qilishicha, bu ishlar dolzarb 90 kunlik doirasida amalga oshirilmoqda. Ko‘chalar o‘zgargani, bekatlar zamonaviy bo‘lgani yaxshi, lekin bu tadbirkorlarni norizo qilish evaziga emas, albatta.

“Inson qadri ulug‘ shahar” shiori ostida o‘tkazilayotgan 90 kunlik tadbirida poytaxtning eng tirband 472 km avtomobil yo‘li aniqlangan, birinchi bosqichda 100 kmlik masofa qamrab olindi va 360 dan ortiq bekatlar quriladi. Hokimlikning aytishicha, belgilab olingan hududda shu vaqtdacha 110 ta savdo obyekti joylashgan, undan 61 ta bekat majmuasi hududiga egalik qilish va uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan. Bu tanlab olingan hududdagi noqonuniy bekatlar soni xolos. Butun shahar ko‘zdan kechirilsa, yana qancha hujjatsiz do‘konlar aniqlanadi — bu bizga qorong‘u.

Lekin aniq savol bor: yillar davomida faoliyat yuritgan bu do‘konlar haqida poytaxt hokimligi mas’ullari rostdan ham bexabar bo‘lganmi yoki bunga ko‘z yumilganmi? “Dolzarb 90 kun” mobaynida 472 kilometrning 100 kilometri ajratib olingan. 380 ta bekatdan 120 tasi do‘konli bekat. Har biri bo‘yicha o‘rganishlar olib borilyapti. 120 ta bekatdan 60 tasi noqonuniy qurilgani aniqlandi. Buzishga, sudning qarori ham chiqqan. Qaysi joyda, buzilgan bo‘lsa, sudning qarori bilan buzilgan. To‘ppa-to‘g‘ri aytdingiz, tadbirkor kuyib qolishi kerak emas. Hozirda tuman hokimiyatlariga topshiriqlar berilgan. Tuman hokimiyatlari o‘sha do‘konli bekatlarning har birini o‘rganib, tumanda tashkil etilgan turizm ko‘chalaridan joy beriladi”, deydi markaz ma’suli.

Bu vaziyatda asosiy savollardan yana biri: nega hokimlik va tadbirkorlarning noqonuniy qurilmasini noqonuniy buzgan? Amaldorlar barcha tadbirkorlar ogohlantirilgan, sud qarori bilan buzilgan, deganiga qaramay, VAQT.UZ bilan suhbatda bo‘lgan bir neshta tadbirkorlar, ularning do‘koni hech qanday ogohlantirish va sud qarorisiz buzilganini aytmoqda.

«Buzish haqida faqat kelganimizda xabar topdik. Do‘konimiz Shayxontohur tumani, Nurofshon ko‘chasi, 18-A uyida joylashgan. 2020-yilda tuman hokimi qarori bilan kadastr hujjatlari berilgan. Mulkimiz rasmiy kadastr hujjatiga ega. Ko‘chmas mulk daxlsizligi doimo O‘zbekiston Respublikasi himoyasida deb bilganmiz. Ogohlantirish berilgan taqdirda ham, buni faqat sud qarori asosida, mulk noqonuniy topilganda amalga oshiriladi, deb o‘ylagandik. Lekin amalda aksincha bo‘ldi», deydi tadbirkorlardan biri.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning aytishicha, birinchi bosqichda belgilangan bekatlar tadbirkorlarga 6 yillik ijara bilan beriladi. Tadbirkor bekatga reklama e’lonlarini qo‘yish orqali daromad qiladi.

Yangi bekatlarni qurishda ham aniq standartlar bor. Hullas, bekatlar atrofida yana tadbirkor va amaldorlarning gapi ikki xilligicha qoldi. Ammo hokim o‘rinbosari va boshqa ma’sullar hech kim kuyikb qolmasligi, hammaga savdo qilish uchun yaxshi joy berilishini va’da qilmoqda. Bu va’dalar bajariladimi, yo‘qmi, buni albatta vaqt ko‘rsatadi.

Fevral oyida muhokama bo‘lgan panjaralar masalasi ham yodingizda bo‘lsa kerak. 8 yil oldin xavfli deb topilib yo‘l o‘rtasidan olingan temir panjaralar Toshkent shahar hokimi qarori bilan 7 mlrd yaqin pul ajratilib yana qo‘yilayotgan edi. Asosiy maqsad YTHlarni kamaytirish ekani aytilgan bo‘lsada, bu ishlar aniq o‘rganish va tahlillarsiz qilingan ko‘rinadi.

Poytaxt hokimining o‘rinbosari nega panjaralar ishi o‘lda jo‘lda qolib ketdi degan savolga shunday javob berdi: “Rostdan ham, shu, to‘g‘risi, biz markaz ochilishi bilan shu panjaralar masalasi ommaviy axborot vositalarida aylanishni boshladi. Biz nima qildik? Har bitta chorrahani, har bitta ko‘chani analiz qildik. Ayrim hollarda rostdan ham shu panjaralar o‘rnatilishi noto‘g‘ri bo‘lishi kutilmoqda. Hozir yakuniy xulosamiz yo‘q. Biz o‘zimiz uchun prioritet belgilab oldik. Qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak, qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak emas”, deydi shahar hokimi o‘rinbosari.

Ma’sullarning aytishicha, aslida bu panjaralarni shahar ko‘chalariga qaytarish taklifi Respublika yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan taklif qilingan, shahar hokimi esa buni tasdiqlab berganlar. Nima bo‘lganda ham davlatning bir somi ham o‘ynash uchun emas. Uni tiniyinigacha to‘g‘ri ishlatish kerak.

Shuningdek, matbuot anjumanida Poytaxtda ishga tushirilayotgan yangi tizim doirasida svetoforlar transport oqimining intensivligiga qarab avtomatik ravishda moslashishi, maxsus kameralar va datchiklar chorrahadagi transport oqimini kuzatib, zarur yo‘nalishlarda «yashil chiroq» vaqtini uzaytirishi ham aytildi.

Nimalar o‘zgaryapti? deysizmi? Poytaxt chorrahalarini yagona intellektual tizimga birlashtirishga qaratilgan raqamli transformatsiya jarayoni bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Mazkur loyiha doirasida transport oqimini real vaqt rejimida tahlil qiladigan «aqlli» tizim joriy etiladi. Shuningdek, jamoat transportiga ustuvorlik berish mexanizmi ham joriy etiladi va GPS-monitoring orqali svetoforlar yaqinlashayotgan avtobusni aniqlaydi va unga ustuvor harakat imkonini beradi. Natijada avtobuslar bekatlarga tezroq yetib boradi va yo‘lovchilarning kutish vaqti qisqaradi.

Yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha ma’lumotlar ham raqamlashtirilib, yagona xaritaga joylashtirilgan. Bu muhandislarga tirbandliklar va xavfli hududlarni oldindan aniqlash hamda harakat sxemasini takomillashtirish imkonini beradi.

Tizim ko‘lami: hozirgi kunda tizimga 125 ta muhim chorraha ulangan. 2026-yilda 545 ta obyektni tizimga ulash rejalashtirilgan. Umuman olganda, Toshkent shahrida qariyb 1 000 ta svetoforli chorraha mavjud. Har bir «aqlli» chorraha kamida 4 ta kamera va transport oqimi zichligini o‘lchovchi datchiklar bilan jihozlanadi. Tizimni boshqarish va tahlil qilish jarayonlarida 30 dan ortiq transport muhandislari, IT-tahlilchilar hamda xalqaro ekspertlardan iborat jamoa faoliyat olib bormoqda.

Teglar

Feruza Najmiddinova

Feruza NajmiddinovaMaqolalar soni: 9

Barchasi

Mavzuga oid